2022-yilning 10 oyi davomida “Oʻzkimyoimpeks” MChJ tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ boʻyicha belgilangan yillik eksport koʻrsatkichi muddatidan oldin bajarildi. Xususan, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida amalda umumiy qiymati 407,3 mln. dollarlik kimyo mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, yillik reja (400,8 mln. dollar) 31-oktabr holatiga 101,7 foizga bajarildi. 2021-yilning yanvar-oktabr oylariga nisbatan 155 foizga oʻsish taʼminlandi.
Ushbu koʻrsatkichlarga sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar hisobiga erishilmoqda. Jumladan, eksport qilinayotgan mahsulotlarni diversifikatsiyalash boʻyicha choralar koʻrilmoqda. Joriy yil davomida 37 turdagi kimyo mahsulotlari eksportga chiqarildi. Shuningdek, 13 turdagi umumiy qiymati 18 mln. dollarlik yangi mahsulotlar murakkab mineral oʻgʻitlari (9 xil), polianion sellyuloza, suyuq mineral oʻgʻitlari (2 xil) eksportga chiqarildi. Taʼkidlash joizki, ayrim turdagi mahsulotlar eksportining oʻsish surʼati oʻtgan 2021-yilning mos davriga nisbatan katta koʻrsatkichlarni tashkil etdi. Bulardan superfosfat eksporti 35 barobarga, suyultirilgan ammiak mahsuloti eksporti 16 barobarga, avtomobil shinasi eksporti 11 barobarga, suyuq argon va ammoniy xloridi eksporti 6 barobarga oshgan.
“Oʻzkimyoimpeks” MChJ tomonidan yangi bozorlarni oʻzlashtirish hisobiga eksport geografiyasi kengaytirilmoqda. Yil boshidan buyon jahonning 36 ta davlatiga mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bu koʻrsatkich 2021-yilda 28 tani tashkil qilgan. Shu jumladan, Mongoliya davlatiga umumiy qiymati 625,8 ming dollarlik karbamid va NPK mahsulotlari eksportga chiqarildi.
Shu bilan birga, mahsulot eksportida tashqi bozordagi yirik treyderlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Litva davlatining “UHB Agro” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samarkand-NPK” MChJ QKda NPK oʻgʻitlarini ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirish yoʻlga qoʻyildi. Yanvar-oktabr oylarida 19,6 mln. dollarlik 41,8 ming tonna NPK oʻgʻitlari eksportga chiqarildi.
Isteʼmolchilar va tashqi bozorning talabidan kelib chiqib birinchi marta “Fargʻonaazot” AJda mineral oʻgʻitlarni qop bilan bir qatorda big-beglarga yuklash amaliyoti qoʻllanildi. Bu esa, oʻz navbatida, samarali natija berdi.
Shuningdek, jahon bozoridagi mineral oʻgʻitlar narxi dinamikasi doimiy ravishda tahlil qilinib, mahsulotlarni yuqori rentabelli narxlarda sotishga erishildi. Masalan, 2021-yilning yanvar-oktabr oylarida 198,5 mln. dollarlik 871,5 ming tonna mineral oʻgʻitlari eksportga chiqarilgan boʻlsa, joriy yilda 753 ming tonna mineral oʻgʻitlari 329,4 mln. dollarga eksportga chiqarildi, yaʼni oʻtgan yilga nisbatan eksportga chiqarilgan har bir tonna mineral oʻgʻitdan 209 dollar koʻp foyda koʻrildi.
Qolaversa, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi ziddiyatlar oqibatida vujudga kelgan geosiyosiy holatning “Oʻzkimyosanoat” AJ tashqi iqtisodiy faoliyatiga salbiy taʼsirini kamaytirish borasida tegishli chora-tadbirlar koʻrildi. 2022-yilda Ukraina davlatiga eksporti moʻljallangan umumiy qiymati 127,2 mln. 7,6 ming tonna xlorat natriysi eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkich 13,8 ming tonnani tashkil etdi (oʻsish surʼati - 182 foiz). Joriy yilda 2,98 mln. dollarlik 111,5 ming dona avtomobil shinalari eksport qilindi. Yil yakuni bilan xlorat natriysi eksport koʻrsatkichini 14,8 ming tonnaga, avtomobil shinasi boʻyicha koʻrsatkichni 122 ming donaga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, koʻrilgan choralar, oʻz navbatida, Rossiya davlatiga amalga oshirilayotgan umumiy eksport koʻrsatkichiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
2021-yil yanvar-oktabr oylarida Rossiya davlatiga umumiy qiymati 4,5 mln. dollarlik 7 turdagi kimyo mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, 2022-yil mos davrida
12 turdagi umumiy qiymati 15 mln. dollardan ortiq kimyo mahsulotlari eksport qilindi. (oʻsish surʼati - 333 foiz).
Yana bir muhim jihat shundaki, mahsulotlarni eksport qilishdaxorijiy mamlakatlarda ochilgan savdo uylaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilda savdo uylari orqali 33,6 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarildi.
Hozirda ichki zaxira va imkoniyatlarni qayta koʻrib chiqib, qoʻshimcha ravishda 25 mln. dollarlik kimyo mahsulotlarini eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu qoʻshimcha eksport koʻrsatkichini hisobga olib, 2022-yil yakuni bilan yillik eksport koʻrsatkichini 450 mln. dollarga yetkazish va belgilangan rejani 112,3 foizga bajarish, 2021-yilga nisbatan oʻsishni 117,8 foizga taʼminlash kutilmoqda.