Jurnalistlar “Tashkent Polymer Syntez” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

// 04.06.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (506.67 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkilot tizimidagi yangi korxonalardan biri “Tashkent Polymer Syntez” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni hamda mahsulotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Yuqori Chirchiq tumaniga press-tur tashkil etildi.

Press-tur avvalida ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirokida “Tashkent Polymer Syntez” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yuzasidan taqdimot o'tkazildi. Taqdimotdan so'ng jurnalistlar korxona va uning qoshida tashkil etilgan laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Tashkent Polymer Sintez” MChJ – MDH mamlakatlari ichida KMTs va PATs ishlab chiqaruvchi eng yangi, zamonaviy, yuqori ishlab chiqarish texnologiyalarini qo'llovchi va jadal rivojlanayotgan korxona hisoblanadi.

Korxona yiliga 5000 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo'lib, bu ko'rsatkich bo'yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida peshqadamga aylangan. Korxona Toshkent viloyatining Yuqori-Chirchiq tumanida joylashgan bo'lib, ishlab chiqarish quvvatlarining birinchi ikki bosqichini amalga oshirish uchun 6 mln. AQSh dollari miqdorida sarmoya sarflangan. Shuningdek, korxona 2022 yilda texnik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini ikki xissa oshirishni va kelajakda KMTs va PATs mahsulotlarining neft va gaz, qurilish, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarida juda xaridorgir bo'lgan sof markalarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishni reja qilgan. Ushbu rejalarni amalga oshirib, MDH mamlakatlari orasida bu sohada yaqqol peshqadamga aylanish korxona jamoasining asosiy maqsadidir.

Hozirgi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan reagentlar mamlakatimizga shu kungacha import qilingan mahsulotlarning o'rnini samarali ravishda bosib kelmoqda. 2021 yil boshidan esa Rossiya va Qozog'istonga o'z mahsulotini eksport qilishni boshladi. Aytish joizki, korxona mahsulotlari o'zining sifati va narx raqobatbardoshliligi bilan qo'shni mamlakatlar bozorida xaridorgir.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar KMTs bu Karboksimetiltsellyuloza va PATs polianionik sellyulozadir. Bu mahsulotlar suvda eruvchan sellyuloza efirlari guruhiga mansub bo'lib, paxta sellyulozasi asosida chuqur kimyoviy sintez qilish yo'li bilan olinadi. Paxta sellyulozasi o'z navbatida bizning mamlakatimizda paxta yetishtirish qoldiqlari – paxta  lintidan olinadi. Bugungi kunda korxona KMTs va PATsning 7 turdagi texnik markalarini ishlab chiqarmoqda, bu mahsulotlar shu soha iste'molchilarining aksariyat talabini qondirishga qodir. Jumladan, mahsulot quyidagi sohalarda foydalaniladi:

  • Neft va gaz konlarini burg'ulashda, suv filtratsiyasini kamaytiruvchi hamda burg'ulash qorishmasining reologik xususiyatlarining modifikatori sifatida;
  • Sintetik kir yuvish kuknlari ishlab chiqarishda, re-adsorbent sifatida;
  • Suvda eruvchan buyoqlar ishlab chiqarishda;
  • Qurilish sohasida yelimlovchi asos sifatida hamda gulqog'oz yopishtirish uchun, jumladan hozirda ommalashgan “suyuq gulqog'ozlar” ishlab chikarishda.

Korxonaning zamonaviy laboratoriyasi esa ilm-fan yutuqlarining so'nggi texnologiyalaridan foydalanish, zamonaviy talablar asosida puxta tahlillar o'tkazish imkoniyatiga ega. Laboratoriyada eng zamonaviy API (Amerika neft instituti) hamda ISO 13500-2008 standartlari asosida tahlillar o'tkazilmoqda.

Press-tur so'nggida jurnlaistlar laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar va o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati