Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida o'tkazilayotgan “China International Import Expo” ko'rgazmasida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati o'z eksportbop mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
“China International Import Expo” ko'rgazmasida O'zbekiston delegatsiyasining paviloni 256 kvadrat metrlik joyni egallagan bo'lib, unda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, uzoq tarixga ega hunarmandchilik namunalari o'rin olgan.
Ko'rgazmada dunyoning 255 mamlakati va 26 xalqaro tashkiloti vakillari ishtirok etayotganligi uning mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishdagi ahamiyati muhim ekanligini belgilaydi.
“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati vakillarining ko'rgazmadagi ishtiroki ilk kunlardan ijobiy natijalari bermoqda. Jumladan, “O'zkimyosanoat” AJ CITIC Construction Co.LTD Yang Jianqiang, Chine Harbin Zhulu Trading Co.LTD, Liu Wencheng va Xinjiang Asia-Europe kabi kompaniyalar rahbariyati bilan kaliyli o'g'itlar va kimyoviy mahsulotlarni Xitoy bozoriga yetkazib berish bo'yicha muzokaralar olib bordi. Ularda CITIC Construction Co.LTD kompaniyasi “O'zkimyosanoat“ AJ takliflariga qiziqish bildirgan. Xususan, mazkur kompaniya bilan memorandum imzolashga tayyorgarlik ko'rish, shuningdek, mahsulot yetkazib berishning iqtisodiy foydali transport - logistika sharoitlarini aniqlash bo'yicha kelishuvga erishilgan. Chine Harbin Zhulu Trading Co.LTD kompaniyasi bilan 20 ming tonna kaliy xlorid yetkazib berish bo'yicha tijoriy taklif tayyorlashga kelishib olingan. Xinjiang Asia - Europe International Expo Co.LTD kompaniyasi esa O'zbekiston tomoniga Xitoy hududida savdo uyi yoki vakolatxona ochish taklifini ilgari surgan.
Ko'rgazmada shuningdek, “O'zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi, “Hunarmand”, “O'zeltexsanoat”, “O'zcharmsanoat” va boshqa qator uyushmalar, “O'zdonmahsulot” va “O'zbekneftegaz” jamiyatlari hamda o'ndan ziyod tarmoq kompaniyalar va tadbirkorlik sub'ektlari vakillari qatnashmoqda.
Ko'rgazma 10 noyabrga qadar davom etadi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati