AOKAda “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalari Komplayens xizmatlarining 1-yarim yillikda amalga oshirilgan ishlari yuzasidan brifing oʻtkazildi.

// 05.08.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (49.55 KB)

Unda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi — matbuot kotibi Rustambek Eshbekov quyidagilarni maʻlum qildi.

Hisobot davrida kimyo sanoati korxonalarida korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, oʻgʻrilik, talon-taroj qilish, korxona va davlat mulklarini oʻzlashtirish va taʼmagirlik holatlariga chek qoʻyish maqsadida jami 31 ta xizmat surishtiruvi oʻtkazildi, natijalari boʻyicha tegishli xulosalar tayyorlandi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.

Natijada 23 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 17 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 12 nafar masʼul xodimlarga hayfsan berildi, 16 nafar xodimning ish haqidan jarima undirildi, 9 ta holat boʻyicha toʻplangan materiallar qonuniy chora koʻrish uchun huquq tartibot organlariga yuborildi.

Shuningdek, joriy yilning 1-yarim yilligida jami boʻlib 1,2 mlrd.soʻm tovar moddiy boyliklari kamomadi, 17,1 mlrd.soʻmlik tayyor mahsulotga qoʻshib yozish holatlari aniqlangan. Hisobot davrida tizim korxonalarida xaridlar jarayonining ochiq va shaffofligini taʼminlash hamda ularni “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” Qonuni talablariga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlanishi natijasida jami boʻlib 3,1 mlrd.soʻmlik  pul mablagʻlarining asossiz sarflanishining oldi olinib, iqtisod qilindi.

Shu bilan birga, hisobot davrida “Fargʻonaazot” va “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatlarida reaksion quvurlarning talon-taroj qilinishi hamda tayyor mahsulotga qoʻshib yozish holatlari aniqlanib, korxonalarning 14 nafar masʻul mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi DXX tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib  qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan va hozirda tergov ishlari davom etmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va oʻrta boʻlgan 2870 nafar xodimlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar toʻldirildi.

Hisobot davrida jami 51 ta holat boʻyicha manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar aniqlanib, hujjatlashtirilgan boʻlsa, 2021-yilning shu davrida 12 ta holat aniqlangan. Jumladan, “Maksam-Chirchiq” AJda 18 ta, “Navoiyazot” AJda 21 ta, “Fargʻonaazot” AJda 6 ta, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda 3 ta va “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda 1 ta holatda oʻzaro yaqin qarindoshlar bevosita qoʻl ostida yoki rahbarligida ishlashi natijasida vujudga kelgan manfaatlar toʻqnashuvi holati aniqlandi. Hozirda ushbu xodimlarni korxonaning boshqa sexlariga va lavozimlariga oʻtkazish orqali manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralari koʻrilmoqda.

Tizim korxonalarida jami 584,3 mln. soʻmlik tovar moddiy boyliklari talon-taroj qilinishining oldi olindi va aybdor shaxslarga ichki tartib-qoidalar asosida intizomiy choralar koʻrildi.

Joriy yilda jamiyat va tizim korxonalari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida komplayens xizmati xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida jami 186 ta tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirilgan.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatning ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash maqsadida 2022-yil 1-yarim yilligi davomida ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytlari orqali sohaga oid jami 167 ta materiallar joylashtirilgan.

“Oʻzkimyosanoat” AJ korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashni tizimli va muntazam ravishda davom ettiradi. Shu bilan birga, Jamiyat doim ochiqlik tarafdori ekanligi hamda sizda tizimdagi korrupsion holatlar yuzasidan maʻlumot yoki murojaatlar boʻlsa (78) 140-74-48 ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.