Korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish masalalari muhokama etildi

// 08.06.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (144.82 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida tashkilot tizimida yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo'yicha 2020-2021 yillarga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi.

Videokonferentsaloqa tarzida o'tgan tadbirda “O'zkimyosanoat” AJ rahbar-xodimlari, tizimdagi ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari, Komplaens xizmati xodimlari va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida “Yo'l xaritasi” asosida “O'zkimyosanoat” AJning elektron ma'lumotlar bazasida shakllantirilgan axborotlardan yashirin iqtisodiyotning oldini olish, vazirlik va idoralar o'rtasida ma'lumot almashish tizimini yo'lga qo'yish va takomillashtirish orqali byudjetga qo'shimcha daromadlarni jalb qilish maqsadida Davlat soliq qo'mitasining elektron ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi ta'kidlab o'tildi.

Shuningdek, “O'zkimyosanoat” AJda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 14 ta ichki me'yoriy hujjatlar qabul qilinganligiga hamda komplaens nazorat tizimi bosqichma-bosqich kimyo sanoati korxonalariga tadbiq etilayotganligiga to'xtalib o'tildi.

Tizim korxonalarida “inson omili”ni cheklash va koruptsiyaning oldini olish maqsadida to'g'ridan-to'g'ri sotib olish amaliyotiga chek qo'yilib, xaridlar O'zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to'g'risida”gi Qonuni talablari asosida amalga oshirilmoqda.

Yig'ilish kun tartibidagi masalaning dolzarbligini inobatga olgan holda tadbirda xufiyona iqtisodiyot tushunchasi, uning salbiy jihatlari hamda bu boradagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari haqida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Moliyaviy tahlil va audit” kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori B.Hasanov va “Iqtisodiy xavfsizlik” kafedrasi dotsenti J.To'xtabaevlar ma'lumot berdilar.

Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning samarali yo'llari sifatida fiksal va nofiksal chora-tadbirlar hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5729-son  Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida to'xtalib o'tildi.

Ma'ruzalar yakunida o'zaro savol-javoblar o'tkazildi. Yig'ilish ishtirokchilari o'zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan ma'ruzachilarga murojaat qilib, barcha savollariga javob oldilar.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati