“Oʻzkimyosanoat” AJ ishchi guruhi texnik imkoniyatlarni oʻrganish va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekximmash” AJga tashrif buyurdi

// 16.11.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (870.33 KB)

Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi” doirasida 16-noyabr kuni “Oʻzkimyosanoat” AJning Texnik jihatdan tartibga solish va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish departamenti boshligʻi Rustam Ayxodjayev boshchiligida texnologlar, mexaniklar, konstruktorlar va boshqa tegishli mutaxassislardan tashkil topgan ishchi guruh texnik imkoniyatlarni oʻrganish va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekximmash” AJga bordi.

Tashrif davomida ishchi guruh tomonidan “Oʻzbekximmash” AJda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalarining ishlab chiqarish sexlari uchun texnologik asbob-uskunalarni loyihalash, texnik xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish sohasidagi faoliyat va hamkorlikni kengaytirish yuzasidan mavjud imkoniyatlar oʻrganildi.

Ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan oʻrganishlar va hamkorlikni kengaytirish yuzasidan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda “Oʻzbekximmash” AJ oʻrtasida umumiy qiymati 20 mlrd.soʻmdan ortiq bo`lgan memorandum imzolandi.

Bundan tashqari, tadbir davomida “Oʻzbekximmash” AJ mutaxassislarining “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalariga tashriflarini tashkil qilish hamda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari va “Oʻzbekximmash” AJning loyihalash boʻlimlari oʻrtasida yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olindi.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati