“O'zkimyoimpeks” MChJ mas'ul xodimlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi mamlakatimiz kimyo sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport salohiyatini yanada kengaytirish hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 avgustdagi “Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3246-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Ozarbayjon Respublikasida xizmat safarida bo'lib qaytdi.
Boku shahrida “O'zkimyosanoat” AJ korxonalarining mahsulotlarini Ozarbayjon Respublikasiga yetkazib berish sohasida ikki tomonlama aloqalarni o'rnatish maqsadida Sumgayit texnologiyalar parki rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Shuningdek, Ozarbayjondagi faoliyati kimyoviy o'g'itlar bilan bog'liq bo'lgan mijozlar bilan ham muzokaralar olib borildi.
“O'zkimyoimpeks” MChJning asosiy vazifalaridan biri chuqur marketing tadqiqotlarini o'tkazish, kimyo sanoati mahsulotiga jahon kon'yunkturasi tendentsiyalarini o'rganish va shu asosda mahsulot sotiladigan istiqbolli xorijiy bozorlarni aniqlash va eksportga mahsulot yetkazib berish geografiyasini kengaytirish shuningdek, mahalliy korxonalar ishlab chiqaradigan mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, shu jumladan zamonaviy logistika tizimini keng tatbiq etish, chet ellarda savdo uylari va vakolatxonalar tashkil etish, ularga konsignatsiya va boshqa shakllardagi shartnomalar asosida tovarlar jo'natib turish yo'li bilan shunday mahsulotlarni xorij bozorlarida sotishni kengaytirish hisoblanadi.
Safar natijalariga ko'ra umumiy qiymati 5 million AQSh dollaridan ortiq bo'lgan eksport shartnomalari imzolandi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati