“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchisi lavozimiga Abduraxmonova Sanobar Maxammadaminovna tayinlandi.
S.Abduraxmanova 1975 yilda Namangan viloyatida tug'ilgan, ma'lumoti oliy. 1997 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – o'zbek tili va adabiyoti o'qituvchisi, filolog.
S.Abduraxmanova ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Namangan davlat universiteti filologiya fakulteti o'zbek adabiyotshunosligi kafedrasi o'qituvchisi lavozimida ishlagan.
Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- aktsionerlik jamiyati, uning tizimidagi tashkilot va muassasalarda ma'naviy-ma'rifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlari hamda dasturlar va “yo'l xaritalari”ning ijrosini tashkil etish;
- ma'naviy-ma'rifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so'zsiz rioya etilishini, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni tanqidiy o'rganish, bu borada aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash bo'yicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishida ishtirok etish;
- ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tilini rivojlantirishga oid qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etish;
- xodimlarga davlat tilini chuqur o'rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda davlat tilini keng targ'ib qilish va rivojlantirishga, shu jumladan, “O'zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo'yicha madaniy-ma'rifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
- geografik va boshqa toponimik ob'ektlar, madaniy meros ob'ektlariga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritish;
- tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, e'lonlar, reklama va ko'rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo'lishini ta'minlashda ishtirok etish;
- davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo'llab-quvvatlash, ilmiy asoslangan yangi so'z va atamalarni iste'molga kiritish, zamonaviy atamalarning o'zbekona muqobillarini yaratish bo'yicha takliflar kiritish.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati