Elektr energiya ta'minotidagi uzilish sababli faoliyati vaqtincha to'xtagan “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar faoliyati tiklandi

// 05.06.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (103.82 KB)

Joriy yilning 4 iyun kuni soat 22:16da “Talimarjon” IES energobloki avariyaviy holatda to'xtaganligi sababli “O'zkimyosanoat” AJga qarashli “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ ob'ektlarida elektr uzilishi kuzatildi. Natijada jamiyatning tog'-kon va qayta ishlash majmualarining asosiy ishlab chiqarish qurilmalari ish faoliyati 5 iyun soat 00:24gacha to'xtab qoldi. Bundan tashqari jamiyatni suv bilan ta'minlaydigan suv nasoslari ham to'liq to'xtadi. Korxona mutaxasisilari tomonidan yuzaga kelgan holat bartaraf etilishi natijasida 5 iyun soat 05:43da suv ta'minot qayta tiklandi hamda korxona o'z ish faoliyatini boshladi.

Yuz bergan to'xtalishlar “Dehqonobod kaliy zavodi” AJning kaliyli o'g'itlar ishlab chiqarish hajmlarining kamayishiga va korxonani qayta ishga tushirish vaqtida mahsulot ishlab chiqarishsiz qo'shimcha sarf-harajatlar bo'lishiga olib keldi.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyun kuni “O'zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ Farg'ona magistral elektr tarmoqlari filialiga qarashli bo'lgan “Sokin” podstantsiyasida avariya holatini yuz berishi natijasida ushbu elektr uzatish havo liniyalaridan elektr energiyasi bilan ta'minlanuvchi “Farg'onaazot” AJning Ammiak-3, Azot kislotasi, Ammiakli selitra, Xlor magniyli defoliant, Karbamid ishlab chiqarish sexlarining butunlay to'xtab qolish xolatlari, Havo ajratish, Suv ta'minoti, Bug'-qozon sexlari texnologik jarayonlarida esa nosozlik holatlari  yuzaga keldi.

2-iyun kuni soat 10:00da Xlor magniyli defoliant sexida, 3-iyun kuni soat 14:30da Azot kislotasi sexida, 4-iyun kuni soat 01:45da Ammiak-3 sexida va shu kuni soat 6:00da Karbamid ishlab chiqarish sexida texnologik jarayonlar tiklanib mahsulot ishlab chiqarilishi boshlandi.

“Farg'onaazot” AJ mas'ul mutaxassislari sa'y-harakatlari natijasida 5-iyun kuni soat 13:10da korxona faoliyati to'liq tiklandi hamda ishlab chiqarish sexlari to'la quvvatlarda ishlay boshladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati