“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy bayonoti

// 25.02.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (48.44 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo'mitasi e'lon qilingan “Davlat korxonalari ham “obnal firma”lar bilan “soxta” bitim tuzgan” nomli maqolasida keltirilgan faktlar atroflicha o'rganib chiqilib, quyidagilarni ma'lum qiladi.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizim korxonalarida ishlab chiqarish faoliyatining uzluksizligini ta'minlash maqsadida ochiqlik, oshkoralik, raqobat, mutanosibligi tamoyillari va korruptsiyaga yo'l qo'ymaslik asosida davlat xaridlari sohasida amaldagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilgan holda shartnomalar tuzilishi yo'lga qo'yilgan bo'lib, Davlat soliq qo'mitasi tomonidan shubhali deb topilgan kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalar “Farg'onaazot” va “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi savdo platformalari orqali rasmiylashtirilgan. Jumladan, “Farg'onaazot” AJ 1 960,8 mln. so'mdan 1 823,9 mln. so'm va “Navoiyazot” AJ 237,3 mln. so'm miqdordagi shartnomalar O'zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi orqali tuzilgan.

O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 15-moddasida “Soliq organlari soliq to'lovchilarga kontragentlarning soliq organlarida soliq to'lovchi sifatida hisobga qo'yilganligi to'g'risidagi axborotdan, shuningdek, boshqa axborotdan O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan belgilangan tartibda foydalanish imkoniyatini beradi” deb belgilangan. Ushbu normaga asosan “O'zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari bilan bitim tuzgan korxona-tashkilotlar bitim tuzilgan davrda Davlat Soliq qo'mitasi bazasidan olingan ma'lumotlarda “QQS” to'lovchisi bo'lganligi uchun, bu korxonalar tomonidan berilgan hisob-varaqalarida ko'rsatilgan QQS summalari o'rnatilgan tartibda hisobga olingan.

Shuningdek, “O'zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari yirik soliq to'lovchilari bo'lganligi, QQS soliq hisobotini har oyda topshirganligi, mazkur bitimlar bo'yicha berilgan hisob-kitob varaqalari o'rnatilgan tartibda my.soliq.uz platformasidan elektron ko'rinishda olib hisobotga ilova qilgan. Biroq bizga ma'lum bo'lmagan sabablarga ko'ra, 2020 yil yakunida korxona-tashkilotlarning QQS to'lovchisi sifatida ro'yxatdan o'tganligi to'g'risidagi ma'lumotlar bazadan olib tashlangan. Shunga qaramasdan, ushbu korxona-tashkilotlar bilan bitimlar tuzilgan davrlarda mahsulot yoki ko'rsatilgan xizmatlar uchun QQS to'langan.

“O'zkimyosanoat” AJ buyrug'i asosida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va biznes uchun teng raqobat muhitini yaratish maqsadida “Jamiyat tomonidan tuzilayotgan shartnomalarni kelishish, imzolash va ijro etish siyosati” to'g'risidagi me'yoriy hujjat talablari asosida shartnoma tashabbuskori tomonidan kontragentlarni o'rganish orqali (kontragentning ishonchliligi, moliyaviy barqarorligi, Davlat amaldorlari bilan aloqadorligi, manfaatlar to'qnashuvi mavjudligini tekshirish va h.k.) bo'lishi mumkin bo'lgan xavflarni kamaytirish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga ochiqlik, shaffoflik, oshkoralik, raqobat, mutanosibligi tamoyillari va korruptsiyaga yo'l qo'ymaslik maqsadida “Davlat xaridlari to'g'risida”gi qonun  talablariga qat'iy rioya qilgan holda shartnomalar tuzilishi yo'lga qo'yilgan. Bu jarayonni samarali tashkil etish maqsadida “O'zkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarida komplaens nazorat tizimi joriy etildi. Natijada korruptsiya xavf-xatarlarini o'z vaqtida aniqlash va chek qo'yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularni minimum darajaga tushirishga xizmat qilmoqda.

Hozirda tizim korxonalari tomonidan sotib olinayotgan tovar moddiy boyliklarini tizim korxonalarida “inson omili”ni cheklash va koruptsiyani oldini olish maqsadida to'g'ridan-to'g'ri sotib olish amaliyotiga chek quyilib “Davlat xaridlari  to'g'risida”gi qonun talablari asosida xaridlar amalga oshirish maqsadida “Korporativ bank klient” dasturi  joriy qilinmoqda.

“O'zkimyosanoat” AJ o'z faoliyatini yanada samarali tashkil etish borasida O'zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo'mitasi bilan hamkorligini davom ettiradi hamda qonun buzilish holatlarini oldini olishdagi ko'rsatayotgan ko'magi uchun minnatdorchilik bildiradi. Shu o'rinda tashkilot tomonidan tizim korxonalari faoliyatini atroflicha o'rganish ishlari davom etilayotganligi, taqdim etilgan ma'lumotlar dastlabki tekshiruv natijalari ekanligini, Davlat soliq qo'mitasi tomonidan e'tirof etilayotgan ya'ni shubhali deb topilgan kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda mas'ul xodimlarga tegishli choralar ko'rilishini alohida ta'kidlab o'tish lozim.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, “O'zkimyosanoat” AJ o'z navbatida, korruptsiyaga qarshi talablar va axloqiy me'yorlarni hisobga olgan holda har doim o'z zimmasiga olgan majburiyatlarini vijdonan bajaradi, qonun hujjatlariga qat'iy rioya qiladi, teng raqobat tamoyillariga amal qiladi va halollik, ochiqlik va vijdonlilikning korporativ madaniyatini shakllantirishga katta e'tibor beradi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati