ShHT sammiti doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda Xitoyning “CC7” kompaniyasi oʻrtasida umumiy qiymati 8 milliard AQSH dollaridan ortiq boʻlgan kelishuvlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi

// 15.09.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (377.54 KB)

Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan ShHT sammiti doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda Xitoyning “China National Chemical Engineering & Construction Corporation Seven, LTD” kompaniyasi oʻrtasida umumiy qiymati 8 milliard AQSH dollaridan ortiq boʻlgan yirik investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.  Kelishuvda koʻzda tutilgan loyihalar biologik parchalanadigan polimerlar, ammiak va karbamid kabi jahon bozorida talab yuqori boʻlgan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, MTO texnologiyasi asosida metanoldan olefin va MTP texnologiyasi asosida polipropilenni yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etishdan iborat.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar loyihalarni ishlab chiqish jarayonini zudlik bilan boshlash uchun ishchi guruh shakllantirish, shu bilan birga, Xitoy kompaniyasi tomonidan asosiy vazifalarni muhokama qilish va amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun texnik mutaxassislarning Oʻzbekistonga tashrifi tashkillashtirilishiga kelishib olindi.

Shuningdek, “China National Chemical Engineering & Construction Corporation Seven, LTD” kompaniyasi “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarining ishlab chiqarish va maʻmuriy binolari tomlariga zamonaviy quyosh panellarini oʻrnatish loyihalarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha ham qiziqish bildirdi.

Hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu istiqbolli loyihalar Oʻzbekiston iqtisodiyoti yanada yuksalishiga hissa qoʻshishi, import oʻrnini bosish bilan bir qatorda, eksport salohiyatini oshirishda muhim strategik ahamiyatga ega ekanligi, qolaversa, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda diplomatik munosabatlar rivojiga xizmat qilishi alohida taʻkidlandi.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati