D.I.Mendeleev nomidagi RKTU Toshkent shahridagi filialiga kirish imtihonlari o'tkazildi

// 14.07.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.15 MB)

Bugun 14 iyul kuni D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahridagi filialining birinchi kirish imtihoni kimyo fani bo'yicha bo'lib o'tdi. Imtihon jarayonini onlayn tarzda test2021.muctr-tashkent.uz manzili orqali kuzatish imkoniyati yaratildi. Imtihonlar 14-16 kunlari uchta fan: kimyo, matematika va rus tili fanlari bo'yicha o'tkaziladi.

Imtihon onlayn ravishda D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining mas'ul xodimlari kuzatuvi ostida tashkil etildi.

D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
2019 yil 7 iyundagi “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta'lim muassasasi filialini tashkil etish to'g'risida”gi PQ-4352-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahrida 2019-2020 o'quv yilidan boshlab o'z faoliyatini boshlagan.

Filial kadrlarga bo'lgan ehtiyojni hisobga olib, universitet bilan kelishilgan holda bakalavr va magistratura yo'nalishlari bo'yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi.

D.I.Mendeleev nomidagi RKTU Toshkent filialiga 2021-2022 o'quv yili uchun kunduzgi ta'lim shakli quyidagi ta'lim yo'nalishlari bo'yicha jami
200 o'rin kvotasi ajratilgan:

  • Kimyo texnologiyasi;
  • Texnosfer xavfsizlik;
  • Materialshunoslik va meteriallar texnologiyasi;
  • Materiallarni badiiy qayta ishlash texnologiyasi.

Filialda o'qishning 40 foizi davlat grati, 60 foizi to'lov kontrak asosida amalga oshiriladi.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati kirish sinovlarini tashkil etish va o'tkazishga xodimlarni safarbar etdi.

Imtihonlar sanitariya-gigiena qoidalariga va ijtimoiy masofaga rioya qilingan holda o'tkazildi. Imtihonga kirishdan oldin har bir abiturientning harorati tekshirildi. Uzrli sabablarga ko'ra kirish imtihonlarida qatnasha olmagan abiturientlar zaxira kuni ya'ni 17 iyulda o'tkazib yuborilgan imtihonni topshirishlari mumkin.

Abiturientlar bir martalik tibbiy niqob, ruchka va suv bilan ta'minlandilar. Kimyo fani bo'yicha imtihonda D.I.Mendeleevning davriy jadvali va kalkulyator tarqatildi.

Abiturientlar uchun eslatma Filialga hujjatlarni topshirish 15 iyulgacha uzaytirildi. 14 va 15 iyul kunlari hujjatlarni topshirgan abiturientlar uchun imtihon sinovlari 15 iyuldan boshlanadi hamda 17 iyul kuni qo'shimcha rezerv kuni bo'lib o'tadi.

O'zkimyosanoat AJ Matbuot xizmati