“Oʻzkimyosanoat” AJ Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytiradi

// 07.11.2024 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (3.97 MB)

Yaqinda Tokio shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Yaponiya qoʻmitasining 17- yigʻilishi oʻtkazildi. Unda “Oʻzkimyosanoat” AJ vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbir davomida jamiyat mutaxassislari tomonidan kimyo sanoatida CO2 emissiyasini qisqartirish, uglerod neytralligini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi. 

Yakunda uglerod neytralligini taʼminlashga qaratilgan dastlabki investitsiya loyihasi boʻyicha imzolangan hujjatlar almashish marosimi boʻlib oʻtdi.  

Shuningdek, tashrif doirasida Tokio shahrida “Toyo” va “Itochu”  kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Muloqotlar davomida  “Karbamid ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish”  loyihasi doirasida yangi quvvatlar oʻzlashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Tomonlar loyiha parametrlari yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.  “Toyo”  kompaniyasi loyihaga texnologik yechimlar taqdim etishi, “Itochu” kompaniyasi esa uni moliyalashtirishi koʻzda tutilgan. 

Taʼkidlash joiz, loyihaning ishga tushirilishi bilan Navoiy viloyatida 350 ming tonna karbamid mahsuloti ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati


So'nggi yangilash sanasi: 07.11.2024