Press-tur ishtirokchilari “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan uchta yirik investitsion loyiha bilan tanishdi

// 05.03.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (123.4 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etilgan press-tur davomida malakali mutaxassislar tadbir ishtirokchilariga korxona faoliyati va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari haqida ma'lumot berdi.

Ushbu press-tur O'zbekiston Respublikasi Prezidentining   2019 yil 3 apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish to'g'risida”gi PQ-4265-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar va joriy yil hayotga tadbiq etilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 2020 yil 4 mart kuni tashkil etildi.

Press-tur doirasida 2019 yil 28-dekabr kuni tashkilot tizimidagi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida muhtaram Prezidentimiz boshchiligida ishga tushirilgan Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi, 2020 yil mart oyida ishga tushirish rejalashtirilgan Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi hamda korxona hududida bunyod etilayotgan Ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari haqida ma'lumot berildi.

Pres-turda yigirmaga yaqin markaziy va mahalliy OAV vakillari bilan bir qatorda “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona-tashkilot Yoshlar yetakchilari ham ishtirok etdi.

Bugungi kunda “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 16 ta yirik va o'rta kimyoviy korxonalar faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Ular tomonidan jami 180 tadan ortiq nomdagi kimyoviy mahsulotlar, shu jumladan, 90 ga yaqin turdagi yangi, mahalliy va xorijiy iste'molchilar tomonidan talab etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

“Navoiyazot” AJ tizimdagi kimyo korxonalarining eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Korxonada 70 dan ortiq noyob mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Uni modernizatsiya qilish, quvvatini kengaytirish maqsadida uchta yirik investitsion loyiha rejalashtirilgan edi.

Birinchi loyihaning umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo'lib, uning samarasida yiliga 660 ming tonna ammiak va 580 ming tonnadan ziyod karbamid olish imkoniyati yaratiladi. 500 ga yaqin ish o'rni paydo bo'ladi. Uni joriy yilda ishga tushirish, yiliga 136 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsortsiumi bilan hamkorlikda qurilayotgan yangi korxonada zamonaviy texnologiyalar qo'llanishi evaziga yiliga 735 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazlari miqdori ham kamayadi.

Yana bir yirik korxona – Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasidir. Umumiy qiymati 217 million dollarga teng ushbu ob'ekt Shveytsariyaning “CASALE SA” kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda.

U yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo'ladi. Hozirgi kunda uskuna va jihozlar o'rnatilib, qurilish-montaj ishlari yakunlanmoqda. Yaqin kunlarda bu yerda birinchi mahsulot chiqarilishi rejalashtirilgan. Yangi loyihalarning foydalanishga topshirilishi natijasida qariyb 60 yil muqaddam qurilgan, har tomonlama eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi. Eng muhimi, 1 tonna mahsulot ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi 18 barobar kamayadi, havoni ifloslantiradigan 150 ming tonna miqdoridagi nitroz gazlari tutib qolinadi.

Uchinchi innovatsion loyiha – Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi bo'lib, u yaqinda ishga tushirilgan edi. Loyiha Xitoyning “China CAMC Engineering Co., LTD” va “HQC Shanghai Company” kompaniyalar konsortsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Yangi korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, to'qimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda talab yuqori. Ular shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinardi.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi yurtimiz korxonalarini zarur xomashyo bilan ta'minlamoqda. Shuningdek, har yili 40 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Yangi majmuada 900 dan ziyod ish o'rni yaratildi.

“O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirishga qaratilgan Press-turlar 2020 yil davomida rejaga muvofiq tashkil etiladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati