“O'zkimyosanoat” AJ tomonidan “Mustaqillik – bebaho ne'mat” mavzusidagi esselar tanlovi e'lon qilindi

// 06.08.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (505.39 KB)

 

Mehnat jamoalarida mustaqillik bayramini munosib kutib olish va   nishonlash maqsadida turli tadbirlar va tanlovlar o'tkazilib, faoliyatda muayyan yutuqlarga erishayotgan ishchi-xodimlar moddiy va ma'naviy rag'batlantirilmoqda.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o'tkazilayotgan “Mustaqillik – bebaho ne'mat” mavzusidagi esselar tanlovi kimyo sanoati tizimida O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligini munosib nishonlash, mustaqillikni bebaho qadriyat sifatida keng targ'ib etish va u bergan imkoniyatlardan unumli foydalanish, o'zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqe va nufuzini mustahkamlash, lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tilishini ta'minlash va ishchi-xodimlarning savodxonligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga qaratilgan.

Ikki bosqichli tanlovning dastlabki bosqichi 5-13 avgust kunlari tarmoq korxonalari va tashkilotlarida o'tkaziladi.

Tanlov shartlariga ko'ra, ishtirokchilar belgilangan mezonlar asosida shakllantirilgan ijodiy ishlarni Ishchi guruhga taqdim etadilar.

Ijodiy ishlarni baholashda mavzuga mos epigraf tanlanganligi, reja tuzilganligi va mavzu reja asosida to'liq va izchil yoritilganligi, ifodalash usulida so'z boyligi rang-barangligi, so'zlar to'g'ri tanlanganligi va o'z o'rnida qo'llanganligi, til vositalaridan unumli foydalanilganligi, ijodiy ish mazmuniga tarixiy, adabiy-badiiy ma'lumotlar singdirilganligi, ravon, savodli va husnixat qoidalariga amal qilgan holda yozilganligi, fikrlar xulosalarda umumlashtirilganligi, imlo, uslub va tinish belgilarini qo'yish qoidalariga amal qilinganligi inobatga olinadi.

Tanlovning yakuniy bosqichi 16-20 avgust kunlari o'tkaziladi. Hakamlar hay'atiga Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo'linmalari xodimlari, tilshunos olimlar jalb qilinadi.

Tanlov g'oliblari “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan esdalik sovg'alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.

Ishtirokchilarning eng yaxshi ijodiy ishlarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritish rejalashtirilgan.

 

 

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati