“O‘zkimyosanoat” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasining 2023-yil I chorak yakunlari yuzasidan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi

// 27.04.2023 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (912.81 KB)

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalari Komplayens xizmati tomonidan 2023-yilning I choraki davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda “Oʻzkimyosanoat” AJ Komplayens xizmati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan quyidagilar maʼlum qilindi.

Hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12.01.2022-yildagi Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida  “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida  korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etildi. Mazkur baholash tizimiga 5 ta yoʻnalishda 29 ta maxsus indikatorlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “E-Anticor.uz” elektron platformasiga sohada amalga oshirilgan ishlar boʻyicha barcha maʼlumotlar kiritildi. Natijada ushbu baholash reyting tizimida  “Oʻzkimyosanoat” AJning faoliyati 89 ball bilan yaxshi deb baholanib, faxrli 4-oʻrinni egalladi. 

Hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalaridagi korrupsion jinoyatlar, noqonuniy oʻzlashtirish, rastrata, oʻgʻirlik, kamomad, qoʻshib yozish va boshqa qonunbuzilishlar boʻyicha jami 29 ta holatlar aniqlanib, ular boʻyicha tegishli tartibda xizmat teshiruvlari oʻtkazildi.

 Yuqoridagi kabi aniqlangan qoidabuzarlik holatlari boʻyicha jami 6 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 12 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 32 nafar masʼul xodimlarga nisbatan turli intizomiy jazolar qoʻllanildi, 27 nafar xodimning ish haqidan jarimalar undirildi.

2023-yilning 1-choragida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida aniqlangan korrupsion harakatlar, korxona mablagʻlarining talon-taroj qilinishi oqibatida tizimga jami 5,5 mlrd soʻmlik zarar yetkazilganligi qayd etildi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borgan chora-tadbirlari natijasida jami yetkazilgan moddiy zararning 4,5 mlrd soʻmga yaqin qismi undirilishiga erishildi.

Hisobot davrida tizim korxonalarida xaridlar jarayonining ochiq va shaffofligi taʼminlanishi hamda ularni “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq amalga oshirilishi natijasida jami 3,4 mlrd soʻmlik pul mablagʻlari asossiz sarflanishining oldi olinib, iqtisod qilindi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish Nizomi” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va oʻrta boʻlgan 8734 nafar xodimlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar toʻldirildi. Toʻldirilgan deklaratsiyalar tahlil qilinganda 75 ta masʼul xodimlarda manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, “Maxam-Chirchiq” AJda 30 ta, “Navoiyazot” AJda 19 ta, “Fargʻonaazot” AJda 18 ta, “Ammofos-Maxam” AJda 5 ta,  “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJda 3 ta holatda oʻzaro yaqin qarindoshlar bevosita qoʻl ostida yoki rahbarligida ishlashi natijasida vujudga kelgan manfaatlar toʻqnashuvi holati aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan ushbu xodimlarni korxonadagi boshqa lavozimlariga oʻtkazilish orqali manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralari koʻrilmoqda.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatning ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash maqsadida hisobot davrida ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytlari orqali sohaga oid jami 91 ta materiallar joylashtirilgan.

Jamiyat va tarmoq korxonalarida ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablarini joriy etish maqsadida “CERT Academy Group” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislarini jalb etgan holda, 12 ta xodim ishtirokida oʻquv kurslari tashkil etilgan.

Tadbir davomida jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish borasidagi ishlarni muntazam va tizimli davom ettirish yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qoʻyish, shuningdek, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi tomonidan mazkur sohada ustuvor yoʻnalishlar, aniq maqsadlar va vazifalar belgilab olindi.


So'nggi yangilash sanasi: 11.05.2023