O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va Xitoy Xalq Respublikasining kimyo-muhandislik milliy korporatsiyasi prezidenti Ven Gan boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida kimyo va gaz-kimyo sanoati sohasidagi o‘zaro hamkorlik ko‘lami yildan-yilga sezilarli darajada oshib borayotgani va bu borada ayniqsa, Kimyo-muhandislik milliy korporatsiyasining (CNCEC) o‘rni katta ekanligi alohida qayd etildi.
“Men so‘nggi o‘n yil ichida birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurdim va ko‘rib turibmanki, O‘zbekiston barcha sohalarda sezilarli darajada taraqqiy etganiga guvoh bo‘ldim. Ishonchim komilki, hamkorligimiz kelajakda yanada rivojlanadi”, – dedi, korporatsiya prezidenti Ven Gan.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat kimyo va gaz-kimyo sanoatini yanada rivojlantirish masalalari va istiqbolli yo‘nalishlarning keyingi bosqichlari muhokama qilindi. Shundan so‘ng tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida kimyo va gaz-kimyo sanoatida strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Hozirgi kunda CNCECning “China National Chemical Engineering No. 7 Construction Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan gaz-kimyo sanoatining “Ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Metanolni polipropilenga (MTP) qayta ishlash majmuasi qurilishi”, “Metanolni olefinlarga (MTO) qayta ishlash majmuasini qurish”, “Polibutilenadipattereftalat (PBAT) ishlab chiqarishni tashkil etish” kabi ana shunday yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy tomon oqova suvlarni tozalash inshootlari va infratuzilmasini qurish, avtomobil yo‘llari qurish, shuningdek, kam uglerodli rivojlanish va qayta tiklanuvchi yashil energiya manbalari loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.