“Yangi O'zbekiston taraqqiyotida kimyo sanoatining o'rni” mavzusida esselar tanlovi tashkil etildi

// 28.08.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (176.94 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar o'rtasida “Yangi O'zbekiston taraqqiyotida kimyo sanoatining o'rni” mavzusida esselar tanlovining Respublika bosqichi o'tkazildi.

“Yangi O'zbekiston taraqqiyotida kimyo sanoatining o'rni” mavzusida esselar tanlovini tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligini munosib nishonlash, mustaqillikni bebaho qadriyat sifatida keng targ'ib etish va u bergan imkoniyatlardan unumli foydalanish, o'zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini mustahkamlash, lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tilishini ta'minlash va ishchi-xodimlarning savodxonligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish hisoblanadi.

Tanlovning birinchi bosqichi tizimdagi har bir korxona va tashkilotlarda joriy yilning 2-14 avgust kunlari o'tkazildi hamda 3 nafardan g'olib aniqlandi. Tarmoq bosqichida 1-o'ringa sazovor deb topilgan ijodiy ish Respublika bosqichiga tavsiya etildi. Asosiysi barcha ijodiy ishlar tanlov shartiga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosida yozildi.

Esselar tanlovi onlayn shaklda, karantin qoidalariga amal qilingan holda tashkil qilindi. G'oliblar mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida diplom va esdalik sovg'alar bilan taqdirlanadi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati