Bugungi kunda “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qoraqolpog'iston Respublikasida kimyosanoat tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha umumiy qiymati 1,66 trln. so'mlik jami 17 ta investitsiya loyihasi bo'yicha ish olib borilmoqda.
Ushbu investitsiya loyihalarini amalga oshirish evaziga maxalliy xom-ashyo resurslarini qayta ishlanib, yangi turdagi import o'rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishi yo'lga qo'yiladi.
Natijada bir yilda qo'shimcha mahsulot ishlab chiqarish hajmini – 828,3 mlrd. so'mga, eksportni – 42,5 mln. dollarga, byudjetga tushumlarini – 38,6 mlrd. so'mga oshishga erishiladi. Jami yaratiladigan yangi ish o'rinlari – 1 074 tani tashkil etadi.
“Qo'ng'irot soda zavodi” MChJ negizida 6 ta investitsiya loyihasi korxonaning 51 foiz ulushini sotib, investitsiya majburiyatlarini bajarish evaziga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.
Hozirda xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan korxonaning bozor qiymati baholanib va ekspertizadan o'tkazildi. Korxonaning sotish oldi hujjatlarini tayyorlash, potentsial investorlar o'rtasida shaffoflikni ta'minlash, shu bilan birga jamiyat ulushini sotish shartlarini ishlab chiqish maqsadida xalqaro investitsiya maslahatchisi jalb qilindi.
Investitsiya maslahatchisi bilan hamkorlikda axborot materiallari (tizer, axborot memorandumi) va strategik investorlarning keng ro'yxati tayyorlandi. Belgilangan tartibda axborot materiallari (tizer) 97 ta potentsial investorlarga ko'rib chiqish uchun yuborildi.
Shu yilning avgust oyi oxirida aniq savdo shartlari tasdiqlanadi, sentyabrda investorlar qisqa ro'yxati va dekabrgacha – tanlov natijalariga ko'ra g'olib aniqlanadi va u bilan kerakli kelishuvlar imzolanadi.
Yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish mahalliy xom-ashyolar evaziga amalga oshiriladi va yillik ishlab chiqarish hajmi 324,3 mlrd.so'mga va byudjetga tushum hajmi 16,9 mlrd so'mga, shu bilan birga 494 ta yangi ish o'rinlari yaratilishiga erishiladi.
Shuningdek, “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan ohaktosh va polietilendan qog'oz, natriy sulfat va kaliy xlorid xom-ashyosidan kaliy sulfat o'g'iti, kaltsinatsiyalangan soda va kvarts qumi xom-ashyolaridan shisha idishlari va oyna ishlab chiqarish hamda texnik tuz xom-ashyosidan natriy metallini ishlab chikarish istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kunda ushbu loyihalarni amalga oshirish kontseptsiyasi ustida ish olib borilmoqda.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati