Bugun “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Yevgeniy Korjikov boshchiligida Yaponiyaning ITOCHU Corporation hamda Toyo Engineering Corporation kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar Oʻzbekiston kimyo sanoatini rivojlantirish strategiyasi, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va “yashil” mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, muzokarada Toyo Engineering Corporation kompaniyasini litsenziar va texnik hamkor sifatida jalb qilgan holda bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, Yaponiyaning moliyaviy institutlari tomonidan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Maʼlumot uchun: ITOCHU Corporation — shtab-kvartirasi Tokioda joylashgan, yapon savdo uylarining “katta beshligi”ga kiruvchi universal savdo uyi. Kompaniya ichki savdo, import-eksport va toʻqimachilik, mashinasozlik, metallar, minerallar, energetika, kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, koʻchmas mulk, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari kabi turli tovarlarning tashqi savdosi bilan shugʻullanadi.
Toyo Engineering Corporation — muhandislik, qurilish kompaniyasi boʻlib, asosan neft-gaz va neft-kimyo, gaz-kimyo sanoati bilan shugʻullanadi. 1961-yil- tashkil etilganidan buyon kompaniya karbamid ishlab chiqarish texnologiyasi sohasida jahon bozori yetakchilaridan hisoblanadi. Korporatsiya 100 dan ortiq qurilmalarni loyihalashtirgan va amalga oshirgan.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati