Importni qisqartirish – mahalliylashtirish orqali amalga oshmoqda

// 04.08.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (4.63 MB)

Oʻzbekistonda sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, ichki xomashyo va resurslardan samarali foydalanish, shuningdek, importga boʻlgan qaramlikni kamaytirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda kimyo sanoati alohida oʻrin tutadi. Xususan, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi natijalar buni yaqqol tasdiqlaydi.

Jumladan, 2025-yilning yanvar-iyun oylari davomida jamiyat tomonidan 29 turdagi mahalliy mahsulot ishlab chiqarilib, umumiy qiymati 2,3 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich rejaga nisbatan 141,4 foizga teng boʻlib, mahalliylashtirish sohasida olib borilayotgan samarali siyosatning yorqin natijasidir.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlar orasida natriy sianid, polivinilxlorid, poliakrilamid, karbamid, kalsinatsiyalangan soda kabi muhim kimyoviy moddalar ham bor. Ushbu moddalar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qoplashda, balki eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ 2025-yil yakuniga qadar yana 31 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan boʻlib, ular orqali qoʻshimcha ravishda 4 trillion soʻmlik mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Bu kabi loyihalar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshiradi, balki yangi ish oʻrinlarini yaratish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ulushini kengaytirish va mamlakat sanoatidagi innovatsion salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati 


So'nggi yangilash sanasi: 04.08.2025