“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Xitoyning China National Chemical Engineering & Construction Corporation Seven, LTD (SS7) kompaniyasi bilan O'zbekiston kimyo sanoatida xorijiy kompaniya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalarni yo'lga qo'yish imkoniyatlarini muhokama qilish bo'yicha ikki tomonlama muzokaralar o'tkazildi.
China National Chemical Engineering & Construction Corporation Seven, LTD China National Chemical Engineering Company Limited (CNCEC) kompaniyasining sho'ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya kimyo, neft-kimyo va tibbiyot sohasidagi loyihalarni loyihalashtirish bo'yicha A darajali, shuningdek, neft-kimyo sanoat korxonalari, shahar inshootlari, elektr va boshqa ob'ektlarni qurish va montaj qilish uchun A darajali tegishli sertifikatlarga ega.
Bundan tashqari, Xitoy kompaniyasi O'zbekiston Respublikasida kimyo sanoatida bir nechta loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan va SS7 o'zini kimyo sanoatini rivojlantirishdagi ishonchli hamkor sifatida namoyon etdi.
Tadbir davomida ko'p yillik tajriba va xorijiy kompaniya tomonidan hamkorlik borasidagi ko'rsatilayotgan qiziqishni inobatga olgan holda tomonlar istiqbolli investitsiya loyihasini amalga oshirish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Xitoy kompaniyasi loyiha uchun texnik va tijorat taklifini tayyorlash, bu yo'nalishda o'zaro manfaatli hamkorlikni muhokama qilish va yo'lga qo'yish, shuningdek, tajriba almashish va O'zbekiston kimyo sanoati salohiyatini yanada kengaytirish borasida kelishib olindi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati