Tilini ardoqlagan millat mangulikka daxldor

Xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellek-tual salohiyatining yorqin hamda bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora ortib borayotir. Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. Mutaxassislarning fikricha, dunyo xalqlari bugungi kunda 7000 dan ziyod tilda gaplashsa,ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til maqomi mavjud ekan. Oʻtmishda 9000 dan ortiq til mutlaq yoʻqolib ketgan. Istiqlol yillarida oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻsi oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya hamda lugʻatlar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod soʻz va soʻz birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qoʻllanadigan soʻzlarni oʻz ichiga olgan besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.

Masalan, bizning zavodimizda ham Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ibratli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malakasini oshirish markazining Qarshi filialida 42 nafar ishchi-xizmatchi oʻqitilib,sertifikatlar  olindi. Jamoa aʼzolari oʻrtasida milliy qadriyatlarimizni, urf-odat va anʼanalarimizni asrab-avaylash borasida keng koʻlamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tashkil etilayotir.

Ona tilimizga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish maqsadida turli adabiy uchrashuvlar, sheʼrxonlik kechalari, koʻrik-tanlovlar tashkil etilayotir. Zavod hududidagi, sex va boʻlimlarning kirish qismidagi barcha peshlavhalar lotin alifbosiga oʻgirilmoqda. Mehnat xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha 161 mln soʻm evaziga 186 dona banner tayyorlanmoqda. Ishchi-xizmatchilar oʻrtasida “Lotin alifbosida tez va xatosiz yozaman” shiori ostida tanlov tashkil etilyapti. Millatimizning madaniy oʻzagi va asosiy muloqot manbai bu – ona tilimizdir. Biz uni qanchalik saqlasak, goʻzal iboralariyu tashbehlari ila kelajak avlodlarga yetkazib bersak, xalqimizning buyuk millat sifatida kelajak sari dadil odimlashiga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Shuni unutmaslik kerakki, til xalqning jipsligi va kelajagini belgilaydi. Faqat tilgina xalqlarni ezgulik sari oʻzaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼana va madaniyatini saqlab, avloddan avlodga oʻtishini taʼminlaydi. Bir soʻz bilan aytganda, tilini asragan millat bu dunyoda mangulikka daxldordir.