“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha murojaati

Assalomu alaykum, hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9- dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanmoqda.

Mamlakatimizda esa korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosati korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Buning yaqqol misoli sifatida sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar  misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganligi sababli, joriy yilda “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2023-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz 180 ta davlatlar orasida oʻz oʻrnini 5 pogʻona yaxshilab, 121-oʻrinni egalladi. (2022-yilda 14 pogʻona yaxshilab 126- oʻrinni egallagan).

Mazkur indeksdagi koʻrsatkichlarimizning yaxshilanishiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida korrupsiyaga qarshi preventiv mexanizmlarni qoʻllash ustuvorlik kasb etayotganligi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan aniq choralarning belgilab berilganligi asosiy omillardan hisoblanadi.

Albatta, mazkur natijalarning asosiy ijrochilari nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul idoralar, balki boshqa davlat idoralari va tashkilotlari, biznes hamjamiyati, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilik ham hisoblanadi.

Maʼlumki, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir aniq-chora tadbirlarni belgilash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, korrupsiyaga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash kabi vazifalarni bajarish ustuvor hisoblanadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida shu kabi chora-tadbirlarni belgilash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir qator ichki meʼyoriy hujjatlar va tartib-qoidalar ishlab chiqildi.

Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisida”gi Nizom, “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti”, jamiyat xodimlarining “Odob-axloq qoidalari” va boshqa shu kabi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur ichki idoraviy hujjatlar talablariga tashkilot xodimlari tomonidan amal qilinishi doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJning “Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi”, dastur doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi, “Korrupsion xavf yuqori boʻlgan lavozimda ishlovchi xodimlarni oʻqitish dasturi” hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashga oid yoʻl xaritalari ishlab chiqilib tasdiqlandi.

Jamiyat xodimlarining korrupsion harakatlari yuzasidan xabar berishga moʻljallangan aloqa kanallari tashkil etilib, aloqa kanallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tashkilotning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq kanallarida ochiq joylashtirilgan.

Hozirda tashkilot faoliyatining fuqarolar va jamoatchilik uchun ochiqligini taʼminlash maqsadida 30 dan ortiq turdagi ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar Jamiyat rasmiy veb-saytiga doimiy ravishda joylashtirilib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Oʻzkimyosanoat” AJ hamkorligida tizim xodimlari orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga oid bir qator amaliy ishlar qilindi.

Xususan, belgilangan vazifalar doirasida tashkilotning 15 nafar korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori boʻlgan lavozim va funksiyalarida ishlayotgan rahbar xodimlar “CERT ACADEMY GROUP” xalqaro trening tashkiloti tomonidan ISO 37001 standarti asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha malaka oshirish kursida oʻqitildi

Bundan tashqari, tasdiqlangan maxsus oʻquv dasturi doirasida jami 54 nafar xodimlar hamda tashkilotga yangi ishga qabul qilingan 22 nafar xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bilim va koʻnikmalari oshirildi.

Oʻz oʻrnida shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Agentlik tomonidan Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi elektron platforma orqali reyting baholashdan oʻtkazilib, 90 ballni qoʻlga kiritgan holda “yaxshi” deb baholandi.

Bugungi boʻlib oʻtayotgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkilot faoliyatining ochiqligi, uning jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini taʼminlash hamda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va fuqarolarning qiziqtirgan savollariga toʻliq javob olishlari maqsadida tashkil etilgan.

Barchamizga maʼlumki korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali tizimni yaratish murakkab va masʼuliyatli jarayon. Bunda har birimiz nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya qilishimiz, balki bu ishga insoniylik burchimiz sifatida qarashimiz lozim.

Korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga “yoʻq” deb ayta olishimiz, qolaversa oʻzimizda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishimiz zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz va ustuvor vazifamizga aylanmogʻi darkor.

Hurmat bilan,

“Oʻzkimyosanoat” AJ

boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosari Ye. Korjikov

 


So'nggi yangilash sanasi: 12.12.2024