“O`ZKIMYOSANOAT” AJ NING ASOSIY BINOSIGA 200 KVT.S QUVVATDAGI QUYOSH FOTOELEKTR STANSIYASI O`RNATILDI

// 09.03.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (181.84 KB)

“O`zkimyosanoat” AJ ning binosiga 200 kVt.s quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi o`rnatildi va ishga tushirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra stansiya yiliga  296 400 kVt.s “Yashil” elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Fotoelektr stansiya shahar elektr tarmoqlari tizimiga ulangan bo`lib, “O`zkimyosanoat” AJning elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini qoplaydi va ortgan elektr energiyasini to`g’ridan-to`g’ri shahar elektr tarmoqlari tizimiga yetkazib beradi. Shu bilan birga, dam olish va bayram kunlari ishlab chiqariladigan elektr energiyasi shahar elektr tarmoqlari tizimiga realizatsiya qilinadi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qaroriga muvofiq, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to`g’risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (nominal quvvati 0,1MVt va undan yuqori) qurilmalarni o`rnatganligi uchun, qurilmalar foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 10 yil muddatga    mol-mulk solig’idan ozod etilishi belgilangan. Bu esa, “O`zkimyosanoat” AJning xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

Ta’kidlab o`tish lozim, hozirgacha bu kabi quyosh fotoelektr stansiyalari faoliyati Rossiya kimyo-texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filiali, “Maxam-Chirchiq” va “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlarida ham yo`lga qo`yilgan. Kimyo sanoatida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan “Yashil energetika” dan samarali foydalanishni joriy etish “O`zkimyosanoat” AJning asosiy rejalaridan sanaladi.

“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati