“O‘zkimyosanoat”AJ boshqaruvi raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sanobar Abdurahmonova Konimex tumanidagi polipropilen qop ishlab chiqarish sexi xodimlari faoliyati bilan tanishdi.
Xotin-qizlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari ko‘zdan kechirildi, ularning taklif, mulohazalari tinglandi, muammolari o‘rganildi, soha vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi. Ayollarning moddiy manfaatdorligi, oliy ta’limga qamrab olinish darajasi, oilaviy masalalar, qo‘shimcha daromad olishlari uchun imkoniyat yaratish singari mavzularda so‘z yuritildi.
Shuningdek, Jamiyat boshqaruvi raisi Farrux Samadov 701-sex xodimlari bilan uchrashdi. Dastlab soha vakillarining murojaatlari tinglandi. Korxona xodimlarining ish o‘rinlarini optimallashtirish, faoliyatni amalga oshirishda qo‘shimcha qulaylik yaratish, soha vakillarini moddiy jihatdan rag‘batlantirishga oid bir qator savollariga javob berildi. Sexda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgani, xodimlar tomonidan tayyorlanayotgan yangi mahsulotlarning xaridorgirligi xususida ma’lumot berildi. Yosh mutaxassislarning tanlovlardagi faol ishtirokini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z bordi. Yurtimizda xotin-qizlarga qaratilgan e’tibor, imtiyozlar tilga olindi.
Sayyor uchrashuv xodimlar murojaatlarini o‘rganish, ularni ijobiy hal etish, yechimtalab masalalar muhokamasiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
"NAVOIYAZOT" AJ AXBOROT XIZMATI