“O'zkimyosanoat” AJ va Isroil ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida videokonferentsiya shaklidagi uchrashuv bo'lib o'tdi

// 23.06.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (181.28 KB)

O'zbekiston Respublikasining Isroildagi elchixonasi ko'magida “O'zkimyosanoat” AJ va Isroil ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida videokonferentsiya shaklidagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Ushbu uchrashuv Isroil kimyo, farmatsevtika va ekologiya sanoati uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston tomonidan muzokaralarda “O'zkimyosanoat” AJ rahbariyati va mutaxassislari, “O'zkimyoimpeks” MChJ rahbariyati hamda O'zbekiston Respublikasining Isroildagi Favqulodda va Muxtor elchisi F.Maxmudova ishtirok etdi.

Uchrashuv O'zbekiston Respublikasining Isroildagi Favqulodda va Muxtor yelchisining kirish nutqi bilan boshlandi. “O'zkimyosanoat” AJ rahbariyati tomonidan mamlakatimizning kimyo-texnologik o'sish salohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samaralari va ularning kimyo sanoati rivojiga, ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ijobiy ta'siri taqdim etildi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, ularni amalga oshirish uchun to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb etilgani hamda kelgusi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar to'g'risida ham ma'lumotlar berildi.

Tadbirda Isroil tomonidan uyushma rahbariyati va Isroildagi sakkizta kimyo va farmatsevtika kompaniyalarining yirik ishlab chiqaruvchi vakillari ishtirok etdi. Isroil tomoni Isroilning kimyo sanoatidagi yutuqlari, shuningdek, mamlakatning ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalarini rivojlantirish rejalari haqida ma'lumot berdi.

Bundan tashqari, Isroil tomoni O'zbekiston bilan kimyo sanoatidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini, shuningdek, “O'zkimyosanoat” AJning investitsiya loyihalari bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish orqali mamlakatimiz kimyo sanoatiga investitsiya jalb qilishni ko'rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar “O'zkimyosanoat” AJ investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga, ishlab chiqarish va energiya tejamkorlik, suv tozalash tizimlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va ta'lim tizimlarida tajriba almashish hamda mamlakatimiz kimyoviy mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida kelishib oldilar.

O'zkimyosanoat AJ Matbuot xizmati