"O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.v.b Y. Korjikovning murojaati

// 15.12.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.55 KB)

Hurmatli hamkasblar va hamkorlar!

Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ham aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan yangi qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Korrupsiya siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa boʻlib, mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlar uchun qasddan foydalanishda ifodalanadi. Bu zamonaviy dunyoda turgan global muammolardan biridir. Bu islohotlar gʻoyasini obroʻsizlantiradi, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. 2017-yil 4-yanvarda kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning mustahkam huquqiy asosini yaratdi.

Bugungi kunda zamonaviy jamiyatda korrupsiya turli koʻrinishlarda namoyon boʻladi: pora olish, oʻzlashtirish, firibgarlik, tovlamachilik, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, noqonuniy xayriya qilish. Lekin u qanday “shakllarni” egallamasin, uning mohiyati va oqibatlari ham jamiyat uchun ham, butun jahon iqtisodiyoti uchun ham ogʻir va zararli boʻlib qolmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash natija berishi uchun barcha odamlarning xohish-istaklari zarur.

Korrupsiya bor joyda rivojlanish boʻlmaydi, chunki korrupsiya oshkoralikni buzadi. Oʻz navbatida, oshkoralikning yoʻqligi jamiyat  taraqqiyotiga toʻsqinlik qiladi, yolgʻonning gullab-yashnashiga olib keladi. Shu munosabat bilan taʼlim tizimida korrupsiyaning mavjudligi natijasida jamiyatning munosib aʼzosi boʻlmoqchi boʻlgan koʻplab yoshlarning oʻziga boʻlgan ishonchi asta-sekin yoʻqolib, bilim olishga  ishtiyoqi pasayib, pirovardida, oʻz-oʻzini tarbiyalash istagi yoʻqolib, yoshlar mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar boʻla olmaydi, hayotda oʻz oʻrnini topmaydi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, tegishli qonun va meʼyoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Ularning amalga oshirilishini taʼminlashda birgalikdagi harakat qilish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat AJning bevosita  rahbariyati va jamoati  tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida murosasiz munosabat va kurash olib borilmoqda. Jumladan, Jamiyat xodimlarining “Korrupsiyaga qarshi siyosat” “Odob-axloq kodeksi”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish” nizomi kabi ichki meʼyoriy hujjatlar talablariga qatʼiy amal qilishlari taʼminlangan.        

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlashni istardimki, hozirgi kunda Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ochiqlikni taʼminlash barcha sohalarda ish sifatini oshirish, yangi bosqichga koʻtarish imkonini beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirishni taklif qilmoqchiman. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, har bir sohani korrupsiyadan tozalashimiz kerak.

"O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati

boshqaruvi raisi v.v.b Y. Korjikov