“OʻZKIMYOSANOAT” AJ RASMIY BAYONOTI

// 09.11.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (148.33 KB)

Facebook ijtimoiy tarmogʻida “Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi yigʻilishning 17-son bayoni ijrosi “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan bajarilmayotganligi to‘g‘risida asoslanmagan postlar eʼlon qilindi. Holat yuzasidan “Oʻzkimyosanoat” AJ quyidagilarni maʼlum qiladi.

Hukumat komissiyasi yigʻilishining 17-son bayoni 1-ilovasi 16-bandiga muvofiq Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJga “Surxon KSP-Grand” MChJga formalin-37% va karbamid yetkazib berish boʻyicha topshiriq berilgan. Bunda formalin-37% narxini dunyo bozori narxlariga tenglashtirish va karbamid narxining birja savdolari talabiga muvofiq qoʻyilishi belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanib, ijrosi yuzasidan joriy yilning 31-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berilgan.

Topshiriq ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan bir qator tizimli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, formalin-37% narxi oxirgi uch yilda 4,3 mln soʻmdan 2,9 mln soʻmga (QQS bilan) tushirildi. Shu bilan birgalikda, ishlab chiqarish quvvatlari yangi ishga tushirilgan investitsiya loyihalari hisobiga 8 ming tonnadan 48 ming tonnaga oshirildi. Mazkur investitsiya loyihasi Italiyaning “Alder” kompaniyasi litsenziyasi asosida Avstriyalik investorlar tomonidan ishga tushirilgan. Shu bilan birga, formalin-37% mahsulotining 2021-yildagi import tahliliga koʻra, oʻtgan yili respublikaga qiymati 1,2 mln dollarga teng 4120,0 tonna mahsulot import qilingan, oʻrtacha bir tonna mahsulot narxi 306 dollarni (QQSsiz) tashkil etgan. Kimyo tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarining oshirilishi va tannarxining pasaytirilishi evaziga 2022-yilning 9 oyida 118,1 tonna mahsulot import qilingan.

Shuningdek, 2021-yilda respublikada 48 ming tonna formalin ishlab chiqarish quvvati mavjud boʻlgan boʻlib, quvvatlardan foydalanish darajasi oʻrtacha 40% dan kamni tashkil etgan. Birja savdolariga 15 ming tonna formalin sotuvga chiqarilib, shundan 6,6 ming tonna mahsulot mahalliy tadbirkorlar tomonidan sotib olingan. Joriy yilda ushbu turdagi mahsulot 11,0 ming tonna miqdorda birja savdolariga qoʻyilib, shundan 9,2 ming tonna mahsulot mahalliy tadbirkorlarga realizatsiya qilingan.

Qolaversa, “Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “A” markali karbamid mahsulotini ishlab chiqarish va birjaga qoʻyish grafiklari kunma-kun sotish hajmlari koʻrsatilgan holda oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga yuboriladi. Ushbu mahsulot birjada alohida shartnomada 68 tn vagonda va 10 tn lotlarda qoʻyiladi. Ushbu shartnomadagi savdolarda qishloq xoʻjaligi korxonalari (fermer, klaster va boshqalar) ishtirok etmaydi. Shuningdek, yuqorida taʼkidlangan topshiriq ijrosi boʻyicha “A” markali karbamid grafik asosida birja savdolariga har oyda 1,2 ming tonnadan muntazam ravishda qoʻyib borilayotganligi sababli bugungi kunda birja savdolarida oʻrtacha narx 3,5 mln soʻmdan 2,3 mln soʻmga pasaydi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida 7-noyabr kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqqa asosan formalin mahsuloti narxi 150 000 soʻmga pasaytirilib, bugungi kundagi narxi 2 734 200 soʻmni (QQS bilan) tashkil etdi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, mavzuga oid aniq, batafsil maʼlumotlarga ega boʻlmay turib, jamoatchilik orasida tushunmovchilik va muhokamalarga sabab boʻladigan fikrlarni bayon qilishdan oldin “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmatiga murojaat qilishingiz maqsadga muvofiq ekanligini, shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ OAV va blogerlar uchun doim ochiqligini yana bir bor eslatib oʻtamiz.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati