Oʻzbekiston va Malayziya aloqalarida zamonaviy kimyo sanoati alohida oʻrin tutadi

// 23.01.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (8.33 MB)

Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yildan-yilga mustahkamlanib, yangi yoʻnalishlarda rivojlanmoqda. Jumladan, strategik va istiqbolli sohalardan biri kimyo sanoati yoʻnalishida ham. Har ikki mamlakatning kimyo sanoatini rivojlantirishdagi istiqbollari va zamonaviy texnologiyalar, ekologik barqarorlikni taʼminlashdagi tajribalarini hisobga olgan holda, mazkur sohadagi hamkorlik iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonning kimyo sanoati mamlakatning eng muhim iqtisodiy sektorlaridan biridir. Mamlakatda keng koʻlamdagi tabiiy resurslar mavjudligi — xomashyo, minerallar, gaz va neft, kimyo sanoatiga katta ishlab chiqarish salohiyatini taqdim etadi.

Ayni paytda Oʻzbekistonda kimyo sanoatini rivojlantirish uchun koʻplab dasturlar va loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur yoʻnalishda davlat siyosatining asosiy maqsadi — ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, innovatsiyalar kiritish va milliy iqtisodiyotni mustahkamlashdir.

Yangi texnologiyalar va innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni ragʻbatlantirilayotgani esa mamlakat kimyo sanoatining rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Sohaning zamon bilan uygʻun holda rivojlanishi uchun albatta, ilgʻor ishlab chiqarish modellarini va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarur. Oʻzbekistonda kimyo sanoati rivoji uchun zamonaviy yechimlar, shuningdek, energiya tejash, resurslarni qayta ishlash va chiqindilarni kamaytirish boʻyicha yangi texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish foydadan holi emas. Bu borada Malayziyaning tajribasi muhimdir.

Oʻz navbatida, Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyoda kimyo sanoatini rivojlantirishda muvaffaqiyatli tajribaga ega. Ushbu mamlakatda neft-kimyo, plastiklar, agrokimyo, farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida rivojlanish kuzatilmoqda. Malayziya kimyo sanoatida ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalar bilan ishlab chiqarishni tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu mamlakatda ishlab chiqariladigan koʻplab kimyoviy mahsulotlar, masalan, oʻgʻitlar, plastiklar va bioparchalanadigan mahsulotlar jahon bozorida yuqori oʻringa ega.

Shu bois, ayni paytda “Oʻzkimyosanoat” AJ Malayziyaning jahonda nufuzi yuqori boʻlgan kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Xususan, ushbu mamlakatning yirik milliy neft, gaz va kimyo kompaniyasi – Petronas bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining shimoliy mintaqasida umumiy qiymati 10 mlrd dollar boʻlgan “MTO texnologiyalari asosida polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqilmoqda.

Bu borada, mintaqada barpo etilayotgan qayta tiklanuvchi shamol va quyosh energiya manbalari negizida Petronas kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu hududda joylashgan “Borsakelmas” tuz konidagi xomashyo va tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga moʻljallangan investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur “MTO texnologiyalari asosida polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihasi doirasida Respublikamizning mavjud mahalliy xomashyo resurslaridan oqilona foydalangan holda kimyo tarmogʻida yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yanada kengaytirishga qaratilgan mahsulotlarni ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Loyihani amalga oshirilishi natijasida 2 mln tonnadan ortiq organik kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali avtomobil, qurilish, tekstil, maishiy kimyo sanoati va iqtisodiyotning boshqa sanoat tarmoqlari uchun polipropilen, polietilen, akril kislota, superabsorbent polimer, PVX va poliollar kabi mahsulotlarni yetkazib berish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, bugungi kunda Yevropa bozorlarida yashil mineral oʻgʻitlarga boʻlgan talab yildan-yilga ortib borayotganligini hamda mamlakatimizning shimoliy hududlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha bir qancha yirik imkoniyatlar mavjudligini inobatga olib, xorijiy xamkorlar bilan yashil texnologiyalardan foydalangan holda mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha ham bir qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Petronas kompaniyasi bilan hamkorlikda yashil vodorod va ammiakdan yashil mineral oʻgʻitlarni toʻliq ishlab chiqarish zanjirini yaratish orqali qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni yetkazib berish hamda Yevropa va dunyoning boshqa bozorlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Malayziyalik ishlab chiqaruvchilar Oʻzbekistonda yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga qiziqayotgani, albatta, har ikki mamlakat uchun katta iqtisodiy foyda keltiradi. Ushbu hamkorlik mamlakatlarda yuqori texnologiyalar va yangi ishlab chiqarish modellarini ishga tushirish, kimyo sanoatiga aloqador boʻlgan yangi standartlarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Bu oʻz navbatida  ushbu mamlakat investorlarining Oʻzbekistondagi kimyo sanoatiga sarmoya kiritishi, yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalar joriy etishidan dalolat beradi.

Shuni ham alohida taʼkilab oʻtish joiz, Oʻzbekiston va Malayziya kimyo sanoatidagi hamkorlik ikki tomonlama yoʻlga qoʻyilgan. “Oʻzkimyosanoat”AJ tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ushbu davlatga eksportga yoʻnaltirilmoqda. Xususan, 2019-2024-yillar davomida umumiy qiymati 43,6 mln dollarlik kimyoviy mahsulotlar eksport qilindi. 

Muxtasar aytganda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi kimyo sanoatidagi hamkorlik istiqbollari koʻp tomonlama va oʻzaro ishonchga asoslanadi. Malayziyaning yuqori texnologiyalar va ilgʻor ishlab chiqarish jarayonlari, Oʻzbekistonning tabiiy resurslari va agrar salohiyati bilan birlashganda, ikki mamlakatning kimyo sanoatiga yangi dinamika va iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Oʻzbekiston va Malayziyaning hamkorligi, nafaqat kimyo sanoatini rivojlantirishda, balki ekologik barqarorlikni taʼminlash va yangi texnologiyalarni joriy qilishda ham muhim ahamiyatga ega boʻlib qoladi.

 

Odil Temirov

“Oʻzkimyosanoat” AJ Boshqaruvi raisi


So'nggi yangilash sanasi: 23.01.2025