
Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ularni tejash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish sanoat korxonalarining ustuvor yoʻnalishlardan biri.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-apreldagi “2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qoʻshimha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Xususan, “Navoiyazot” AJ bilan “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Hamkorlik doirasida korxonadagi ishlab chiqarish jarayonida muhim ahamiyatga ega boʻlgan bugʻ qozonlarining texnik holati atroflicha oʻrganilib, ularning energiya samaradorligini oshirish, kuz-qish mavsumida ularning uzluksiz va ishonchli ishlashini taʼminlash boʻyicha kompleks texnik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan texnik tahlillar asosida qozon qurilmalarining ishonchli ishlashini taʼminlash, foydali ish koeffitsiyentini oshirish, energiya yoʻqotishlarini qisqartirish hamda ekspluatatsiya samaradorligini yanada yuksaltirishga qaratilgan ishlar bosqichma-bosqich bajarilmoqda.

Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan bunday amaliy ishlar nafaqat korxonalarning iqtisodiy samaradorligini yuksaltirish, balki mamlakatimizda energiya tejamkorligini taʼminlash, resurslardan oqilona foydalanish va sanoat tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga ham munosib hissa qoʻshadi.