Shavkat Mirziyoev: import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish - eng muhim masala

// 21.07.2017 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (33.33 KB)

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 iyul kuni Angren shahriga tashrif buyurdi.

Toshkent viloyatida kimyo sanoati, neft-kimyo, qora va rangli metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik va metallni qayta ishlash kabi zamonaviy sanoat tarmoqlari yaxshi rivojlangan.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 13 apreldagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Angren” maxsus industrial zonasi bu boradagi salohiyatdan to'la foydalanish, yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishda muhim omil bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 26 oktyabrdagi farmoniga muvofiq ushbu hudud «Angren» erkin iqtisodiy zonasi, deb ataldi, imkoniyatlari va imtiyozlari kengaytirildi.

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 20 sentabr kuni Angren shahriga tashrif buyurib, ushbu zonada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik investitsiya loyihalari bilan tanishgan edi.

Ulardan biri konveyer lentalari, qishloq xo'jaligi texnikasi va avtomobil shinalari ishlab chiqarish loyihasidir. Loyihaga ko'ra yiliga 100 ming pogon metr konveyer lentasi, 200 mingta qishloq xo'jaligi texnikasi shinasi, 3 million dona avtomobil shinasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz mazkur loyiha ijrosining borishi bilan tanishdi.

Konveyer lentasi va shinalar sanoat, qishloq xo'jaligi, umuman, odamlar hayoti uchun eng zarur mahsulotlardan hisoblanadi. Ular xorijdan olib kelinmoqda. Bu tovarlarni mamlakatimizda ishlab chiqarish import o'rnini to'ldirish, valyuta mablag'larini tejash, shu bilan birga, eksportdan foyda topish imkonini beradi.

Bu zavod mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega, dedi Prezidentimiz. Bu yerda jahon standartlariga mos, yuqori sifat va keng nomenklaturadagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Odamlar barqaror daromad manbaiga ega bo'ladi, hayotdan rozi bo'lib yashaydi.

Zavod ishga tushgach 1 ming 200 ga yaqin kishi ish bilan ta'minlanadi. Yoshlar zamonaviy texnologiyalarni egallab, malakali kadr bo'lib shakllanadi. Hozirgacha 68 mutaxassis Xitoyda malaka oshirib qaytdi.

Davlatimiz rahbari korxona uchun mutaxassislarni aniq, manzilli asosda tayyorlash, xomashyoni mahalliylashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Xitoyning "Poli teknoloji" kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, yangi imkoniyatlarni kashf etish, ishlab chiqarish va qayta ishlashni chuqurlashtirish bo'yicha "O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati bilan 10 yillik strategiya ishlab chiqish zarurligini ta'kidladi.

Bugungi kunda zavodda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Rejaga ko'ra, joriy yilning 1 sentabr kuni korxonada birinchi shina ishlab chiqariladi.