“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 14 yanvar – “Vatan himoyachilari” kuni munosabati bilan “Vatanni himoya qilish – fuqarolik burchimiz” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.
Videokonferents aloqa orqali tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti mutaxassislari va “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona-tashkilotlar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirga taklif etilgan O'zbekiston Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti mutaxassislari mamlakatimizning mudofaa qudrati va harbiy-texnik salohiyatini yuksaltirish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlash, professional milliy armiyani shakllantirish borasida olib borilayotgan islohotlar xususida ma'lumot berdilar.
Institut prorektori, texnika fanlari doktori professor B.N.Raximov tadbir ishtirokchilarini mamlakatimiz xavfsizligini ta'minlashda axborot-kommunikatsion texnologiyalarining o'rni va ahamiyati yuqori ekanligini ta'kidlab, sohada kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati