Har qanday sohaning taraqqiyoti unda faoliyat olib borayotgan mutaxassis va kadrlarning salohiyatiga bevosita bogʻliq. Shu maʼnoda “Oʻzkimyosanoat” AJ ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib kelmoqda.
Bu borada 2024-yilda Jamiyat tomonidan qator ishlar amaga oshirildi. Xususan, tarmoqda faoliyat borayotgan 6176 nafar ishchi-xodimlarning malakasi oshirildi. Ushbu maqsadlar uchun 3 mlrd 274 mln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.
Shu bilan birga, oʻtgan yilda tizim korxonalarida jami 2114 nafar talaba amaliyotlarga jalb etildi. Amaliyot davrida ularga korxonalarning 288 nafar malakali mutaxassislari ustoz sifatida biriktirildi. Yana bir muhim jihat - taʼlim muassasalarining 38 nafar professor-oʻqituvchilari uchun tarmoq korxonalarida stajirovkalar tashkil etildi.
Salohiyatli yoshlarni saralash, ularni zahiraga olish, iqtidorli bitiruvchi talabalarni aniqlash va ishga taklif qilish bilan tarmoqni malakali kadrlarlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida 2024-yilning 27-may – 1-iyun kunlari “Barqaror rivojlantirish va yashil iqtisodiyot” Xalqaro kimyo haftaligi doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti, D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filiali, Yangi Oʻzbekiston universiteti talabalari va tarmoq korxonalarining yosh mutaxassislari uchun ilk bor “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari ilmiy-intelektual forumi” oʻtkazildi.
Ayni yoʻnalishda xalqaro hamkorlik aloqalari ham faol olib borildi. Xususan, “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda kimyo texnologiyalari markazining salohiyatini oshirish” loyihasi muhim oʻrin tutdi. “Koreya-Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti – Kimyo texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish” investitsiya loyihasi doirasida – 14 nafar munosib nomzodlar saralab olinib, bahorgi va kuzgi oʻquv yillari uchun mos ravishda 2023-yil mart va avgust hamda 2024-yil mart va sentabr oylarida Koreya Respublikasiga oʻqishga yuborildi. Ulardan 4 nafari doktorantura va 10 nafari magistratura yoʻnalishda tahsil olishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati topshirigʻi ijrosini taʼminlash, yoshlarning kimyo sohasiga qiziqishi maktab davridan boshlab oshirish maqsadida Navbahor tumani 2-kasb hunar maktabi (Navbahor tuman 2-son politexnikumi)ning “Navoiyazot” AJga biriktirilgan oʻquv va laboratoriya xonalari taʼmirlandi va kimyo sohasining eng zamonaviy koʻrgazmali qurollari bilan jihozlandi. Muassasada korxonaning yosh mutaxasislari uchun “Kimyoviy tahlil laboratoriyasi laborantiˮ mutaxassisligi boʻyicha qisqa muddatli malaka oshirish va qayta oʻqitish hamda Kimyoviy tahlil laboratoriyasi laboranti, Nazorat o‘lchov asboblari chilangari mutaxasisligi boʻyicha oʻqish istagi boʻlgan viloyat yoshlarini hamkorlikda dual ta’lim tizimi asosida oʻqitish tashkil etildi.
Shuningdek, 2024-yilda kimyo sanoati tomonidan Qoʻqon shahridagi 19-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabi qisqa muddatlarda toʻliq taʼmirlanib, jihozlandi. Maktab oʻquvchilari 2024/2025-oʻquv yilini zamonaviy taʼmirlangan maktab binosida boshladilar. Oʻquv yili boshida maktab oʻquvchilarini kimyo sanoati sohasiga qiziqtirish maqsadida D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filiali professor-oʻqituvchilari hamda talabalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
2024/2025-oʻquv yilidan D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filialida tarmoq korxonalari hamda respublikaning boshqa tarmoqlari ehtiyojlarini inobatga olib, 3 ta yangi yoʻnalish - pedagogik taʼlim, farmatsiya va zamonaviy energetika materiallarining kimyoviy texnologiyasi yoʻnalishlari, mavjud Kimyo texnologiya yoʻnalishida esa 2 ta, yaʼni Yuqori molekulyar birikmalar va Mineral oʻgʻitlar kimyoviy texnologiyasi taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, sohaviy OTMlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, laboratoriya sharoitlarini yaxshilash, zaruriy kimyoviy reagentlar bilan taʼminlash maqsadida D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filialiga 2 mlrd soʻm, Toshkent kimyo-texnologiya institutiga jami 677,7 mln soʻmlik moliyaviy koʻmak koʻrsatildi.
Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJning Kimyo sanoati sohasida kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha Tarmoq kengashi tomonidan 2024-yilda 37 ta kasbiy standartlar ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining maxsus platformasiga joylashtirildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati