“Samarqandkimyo” AJ negizida murakkab meniral o'g'itlar ishlab chiqarishning zamonaviy, ekologik jihatdan zararsiz majmuasi ishga tushiriladi hamda 500 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi

// 07.02.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (48.44 KB)

Ijtimoiy tarmoqlarda o'z blogerlik faoliyatini yuritayotgan kanal mualliflaridan biri “Samarqandkimyo” AJ negizida Samarqand viloyatida murakkab mineral o'g'itlari ishlab chiqarish kimyoviy majmuasi barpo etiladigan bo'libdi va nol qiymatda tanlovsiz chet ellik investorga sotilibdi. Chet ellik investor ham o'zimizning qorako'zlar, albatta.” matnidan iborat munosabati e'lon qilindi. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 5-fevraldagi “Samarqand viloyatida murakkab mineral o'g'itlar ishlab chiqarish kimyoviy majmuasini barpo etish” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 61-sonli qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 iyuliga qadar “Samarqandkimyo” AJ negizida murakkab meniral o'g'itlar ishlab chiqarishning zamonaviy, ekologik jihatdan zararsiz majmuasi ishga tushiriladi. Loyihaning eng muhim jihati shundan iboratki, eskirish darajasi 90% dan ortiq bo'lgan asbob-uskunalar faoliyati to'xtatilib, uning o'rniga mineral o'g'itlar ishlab chiqarish uchun yangi energiya tejamkor, ekologik toza texnologiyalarni ishga tushirish nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi qarori O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3-apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiya jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4265-sonli qaroriga asosan qabul qilingan bo'lib, unda “Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foizi aksiyalarini va “O'zkimyosanoat” AJ 39,65 foizi aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyo mahsulotlarini ishlab chikarishni tashkil etish hamda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar qabul qilish sharti bilan salohiyatli investorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar olib borilgan holda “nol” harid qiymatida sotish belgilangan.

Munosabatda urg'u berilgan korxonani “nol” qiymatda sotish masalasi “Samarqandkimyo” AJning moddiy-texnik bazasi va faoliyatining samaradorlik darajasi past ekanligini inobatga olingan holda 2016 yildan buyon muhokama qilinganligini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Asosiysi korxonadagi mavjud vaziyatni inobatga olgan holda korxonani “nol” qiymatda sotish taklifi ham aksariyat investorlarni qiziqishiga sabab bo'lmadi.

O'tgan davr moboynida bir qator investorlarga berilgan takliflar orasidan “Ferkensc Management Limited” (Kipr) kompaniyasi eng ma'quli deb topildi hamda investorlik majburiyatlari bilan bir qatorda uzoq yillar davomida yig'ilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarini ham qoplab berish vazifasi kelushuv shartlariga kiritildi.

Prezident Qarorida belgilangan normalarga asosan “Ferkensc Management Limited” kompaniyasi bilan “O'zkimyosanoat” AJ o'rtasida “Samarqandkimyo” AJ negizida mineral o'g'itlarni ishlab chiqarish kimyoviy majmuasini barpo etish investitsiya loyihasini amalga oshirish  yuzasidan  o'zaro kelishuvga  erishildi.

O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshkarish agentligi “O'zkimyosanoat” AJ va investor o'rtasida 2019 yil 1-noyabr kuni hamkorlikning asosiy tamoyillari to'g'risidagi 1-sonli Kelishuvi  imzolandi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenting 2020 yil  9-yanvardagi “O'zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo'ljalangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4563-sonli qarorining 3-6 ilovalarida “Samarqandkimyo” AJ invistitsiya loyihasini amalga oshirilishi belgilangan.

“Ferkensc Management Limited” kompaniyasiga “Samarqandkimyo” AJ negizida yillik quvvati 600 ming tonna murakkab o'g'itlar shu jumladan, 300 ming tonna monoammoniyfosfat “MAF” va 300 ming tonna murakkab (NPK) mineral o'g'itlar ishlab chikarilishi hamda 500 ta yangi ish o'rinlari yaratishga qaratilgan 200 mln. AQSh dollaridan kam bo'lmagan miqdorda to'g'ridan-to'g'ri investitsiya loyihasini amalga oshirish majburiyati yuklatilgan.

Mamlakatimiz kimyo sanoati rivojiga o'zining munosib xissasini qo'shishi rejalashtirilayotgan ushbu investitsiya loyihasi yuzasidan qo'shimcha ma'lumot uchun “O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmatining (78) 140-74-26 telefon raqamiga yoki Jamiyat faoliyati yuzasidan savol-javoblar uchun ijtimoiy tarmoqda tashkil etilgan https://t.me/uzkimyosanoat_chat rasmiy sahifasiga murojaat qilishingiz mumkinligini ma'lum qilamiz.

Vazirlar Mahkamasi qarorining to'liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://lex.uz/pdfs/4725138

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati