D.I.Mendeleev nomidagi RKTU Toshkent shahridagi filialiga kirish imtihonlari o'tkazildi

// 24.08.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (445.96 KB)

Bugun 24 avgust kuni D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahridagi filialining metematika fani bo'yicha birinchi kirish imtihoni O'zbekiston Milliy universiteti hududida bo'lib o'tdi. Imtihonlar 24-26-28 avgust kunlari uchta fan: matematika, kimyo va rus tili fanlari bo'yicha o'tkaziladi.

D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta'lim muassasasi filialini tashkil etish to'g'risida”gi PQ-4352-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahrida 2019-2020 o'quv yilidan boshlab o'z faoliyatini boshlagan.

Filial kadrlarga bo'lgan ehtiyojni hisobga olib, universitet bilan kelishilgan holda bakalavr va magistratura yo'nalishlari bo'yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi.

2020 yilning 1 avgust kuni ta'lim muassasasida “Ochiq eshiklar kuni” o'tkazildi. Abiturientlar rektor, fakultet va qabul komissiyasi vakillari bilan uchrashib, kelgusi mutaxassisliklari bo'yicha o'zlarini qiziqtirayotgan barcha savollariga atroflicha javob oldilar.

D.I.Mendeleev nomidagi RKTU Toshkent filialiga 2020-2021 o'quv yili uchun kunduzgi ta'lim shakli quyidagi ta'lim yo'nalishlari bo'yicha jami 200 o'rin kvotasi ajratilgan:

  • Kimyo texnologiyasi;
  • Texnosfer xavfsizlik;
  • Materialshunoslik va meteriallar texnologiyasi;
  • Materiallarni badiiy qayta ishlash texnologiyasi.

Filialda o'qishning 40 foizi davlat grati, 60 foizi to'lov kontrak asosida amalga oshiriladi.

Kirish imtihonida Rossiya Federatsiyasining O'zbekiston Respublikasidagi elchixonasi mas'ul xodimi A.Sazanov, “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi v.b. J.Mirzamaxmudov, abiturientlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati kirish sinovlarini tashkil etish va o'tkazishga xodimlarni safarbar etdi.

Imtihonlar sanitariya-gigiena qoidalariga va ijtimoiy masofaga rioya qilingan holda ochiq havoda o'tkazildi. Imtihonga kirishdan oldin har bir abiturientning harorati tekshirildi. Ayrim sabablarga ko'ra kirish imtihonlarida qatnasha olmagan abiturientlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan holda zaxira kuni ya'ni 29 avgustda o'tkazib yuborilgan imtihonni topshirishlari mumkin.

Abiturientlar bir martalik tibbiy niqob, qo'lqop, kepka, ruchka, suv va bir martalik stakanlar bilan ta'minlandilar.

Kimyo fani bo'yicha imtihonda D.I.Mendeleevning davriy jadvali va kalkulyator tarqatildi.

Imtixonlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi texnik ko'magida o'tkazildi. Shuningdek, vazirlik imtixonlarning onlayn translatsiyasini tashkil etishda ham amaliy yordam ko'rsatdi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati