Plastex Uzbekistan - 2025 15-xalqaro yubiley koʻrgazmasining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi

// 23.09.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (464.01 KB)

Bugun, 23-sentabr kuni “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida Plastex Uzbekistan - 2025 15-xalqaro yubiley koʻrgazmasining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. 

Mazkur tadbirda “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati ham ishtirok etdi. 25-sentabrga qadar oʻtkaziladigan koʻrgazma joriy yili 10 ta davlatdan 250 dan ortiq kompaniya va brendlarni jalb qilgan holda rekord darajada ishtirokchilarni toʻpladi. Ularning qatorida Germaniya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Rossiya va boshqa mamlakatlardan ishtirokchilar ham bor.

2025-yildan boshlab koʻrgazma kengaytirilgan 4P Central Asia (Plastics, Polymers, Packaging, Printing) formatida oʻtkazilmoqda. Bu format toʻrtta oʻzaro bogʻliq sohalarni birlashtirib, polimer xom-ashyosidan tortib, qadoqlash, qayta ishlash va bosma mahsulotlarini oʻz ichiga olgan toʻliq ishlab chiqarish siklini qamrab oladi.

Koʻrgazma doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ vakillari turli sanoat tarmoqlari uchun moʻljallangan yuqori texnologiyali jihozlar, innovatsion turdagi polimer xom-ashyosi, ekologik toza qadoqlash materiallari hamda xalqaro standartlarga javob beradigan tayyor mahsulotlar bilan tanishdilar.

Ayniqsa, energiya tejamkor texnologiyalar va polimer chiqindilarini qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish sohasidagi ishlanmalar katta qiziqish uygʻotdi. Bu esa barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan ayni muddao.

Bunday xalqaro tadbirlarda ishtirok etish kimyo sanoati mutaxassislariga kasbiy koʻnikmalarni kengaytirish, jahon tendensiyalarini kuzatish hamda innovatsion yechimlarni milliy ishlab chiqarishga joriy etish imkonini beradi.

 “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati
 


So'nggi yangilash sanasi: 23.09.2025