Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Toshkent kislorod zavodi” UK negizida zamonaviy tibbiyot kislorodi ishlab chiqarishni tashkil etish investitsiya loyihasi asosida mahalliy investor tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida respublika shifoxonalarini tibbiyot kislorodiga bo'lgan talabini qondirish maqsadida “OXYGEN TASHKENT” MChJ tashkil etildi.
Umumiy qiymati 2,0 mln dollarga teng bo'lgan investitsiya loyihasi asosida tashkil etilgan korxona 1985 yilda barpo etilgan “Toshkent kislorod zavodi” DKning mavjud eskirgan texnologiyalarini Xitoyning “Hangzhou Union Industrial Gas-Equipment Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 1,3 mln dollarga teng bo'lgan zamonaviy energotejamkor asbob-uskunalar bilan qayta jihozlandi. Shuningdek, korxonaning mavjud binolari rekonstruktsiya qilinib, qariyb 7 mlrd so'mga teng qurilish montaj ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida korxona mavjud quvvatlari (1260 m3) 10 martaga ortib kuniga 12600 m3 (21 tonna) tozaligi 99,7%ni tashkil etuvchi tibbiyot kislorodi ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
O'rnatilgan zamonaviy energotejamkor uskunalar hamda loyiha doirasida Kreogen texnologiyasi (siqilgan havodan kislorodni ajratib olish va past haroratda uni suyuqlikka aylantirish) orqali mahsulot olish natijasida 1 tonna tayyor mahsulot uchun elektr energiya sarfi 8 160 KVtdan 832 KVtga tushirildi.
Loyihani amalga oshirish natijasida Toshkent shahrida joylashgan barcha davlat tasarrufidagi tibbiyot maskanlarini to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida tibbiyot kislorodi bilan uzluksiz ta'minlash rejalashtirilgan. Xususan, ishlab chiqarilgan mahsulotning 70%ni (2,94 mln m3) Toshkent shahrida joylashgan davlat tasarrufidagi tibbiyot muassasalariga va qolgan 30%ni (1,26 mln m3) xususiy tadbirkorlarga sotish belgilangan.
Buning natijasida yiliga umumiy qiymati qariyb 24 mlrd so'mga teng 4,2 mln m3 (6930 tonna) tibbiyot kislorodi ishlab chiqariladi hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot narxini qariyb 52%ga tushirilib (1 m3 narxi 9,2 ming so'mdan 4,5 ming so'mga tushirildi), yiliga qariyb 8,5 mlrd so'm davlat byudjetining mablag'lari tejalishiga erishiladi. Shu bilan birga loyiha ishga tushishi natijasida 30ga yaqin yangi ish o'rinlari yaratiladi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati