“O‘zkimyosanoat” AJda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkazildi

// 19.06.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (14.04 MB)

Joriy yilning 19-iyun kuni “O‘zkimyosanoat” AJda Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Kimyo va oziq-ovqat sanoati menejmenti” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2024-yil 20-iyun kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 32-sonli bayoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-dekabrdagi 836-sonli “Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.  

Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari bilan bir qatorda bitiruvchilarning diplom ishi himoyasida “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining mas’ul mutaxassislari ham ishtirok etdilar. Bitiruvchilar tomonidan taqdim etilgan ilmiy-amaliy bitiruv ishlari muhokama qilinib, ularning amaliy ahamiyati va soha ehtiyojlariga mosligi yuzasidan savol-javob shaklida olib borildi.Sanoat vakillari tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi, shuningdek, yosh mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi va soha korxonalari bilan integratsiyasi yuzasidan ijobiy fikrlar bildirildi.

Mazkur tashabbus ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlash, bitiruvchilarning mehnat bozori talablari asosida yetuk kadr bo‘lib yetishishilarida muhim qadam hisoblanadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati
 


So'nggi yangilash sanasi: 20.06.2025