Joriy yilning 6-dekabr kuni Moodyʻs xalqaro reyting agentligi “Oʻzkimyosanoat” AJga B1 (barqaror) darajadagi xalqaro kredit reytingini taqdim etdi.
Davlat rahbari tomonidan kimyo sanoatiga berilgan eʼtibor tufayli “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarini moliyaviy-iqtisodiy sogʻlomlashtirish va ularning faoliyatini barqarorlashtirish, amaldagi ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirish, davlat ulushini qisqartirish, sohani transformatsiya qilish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Kimyo sanoatini yangi darajaga olib chiqish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining xalqaro reytinglarni qoʻlga kiritish borasida Moodyʻs hamda Fitch Ratings xalqaro reyting agentliklari bilan olib borgan ishlari yakunlandi.
Avvvalroq “Oʻzkimyosanoat” AJ mamlakat kimyo sanoati tarixida ilk bor yirik xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings ning BB- “Barqaror” toifasidagi xalqaro kredit reytingini qoʻlga kiritgani haqida maʼlum qilingandi.
Xalqaro kredit reytingi birinchi marotaba qoʻlga kiritilgan davrda uni tasdiqlash uchun 2-nufuzli reyting agentligi bilan ishlar olib borish shartligi belgilangan. Shu munosabat bilan, Moodyʻs xalqaro reyting agentligi bilan ham ishlar olib borilib, hozirda ushbu agentlik tomonidan reyting tasdiqlandi.
Maʼlumot uchun: Fitch Ratings, Moodyʻs — Amerika korporatsiyalari boʻlib, xalqaro reyting agentliklarining “BIG 3” dan oʻrin olgan. Kompaniyalar jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit reytinglari, tushunchalar va maʼlumotlar bilan taʼminlashga ixtisoslashgan.
Mazkur reyting darajasi, “Oʻzkimyosanoat” AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega ishlab chiqaruvchi korxona sifatida tanitib bormoqda. Qoʻlga kiritilgan mazkur yutuq, kelgusida “Oʻzkimyosanoat” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatini beradi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ kelgusi yillarda reyting darajasini yanada yuksaltirish hamda uni barqaror saqlab qolish yoʻlida istiqbolli loyihalarini tizimli ravishda davom ettiradi va mamlakatimiz kimyo sanoati rivoji yoʻlida faoliyatini jadallik bilan olib boradi.