“Oʻzkimyosanoat” AJ xalqaro reytingni qoʻlga kiritdi

// 26.10.2023 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (262.61 KB)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soʻnggi yillarda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, sohaga keng qamrovli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida qabul qilingan qator Farmon va qarorlarida bir qancha vazifalar belgilangan.  Vazifalar qatorida “Oʻzkimyosanoat” AJ korporativ xalqaro kredit reytingini olishi ham qayd etilgan. Kimyo korxonalarida davlat ulushini qisqartirish, transformatsiya qilish, sohaga korporativ boshqaruv va xalqaro kredit reytingini qoʻlga kiritish borasidagi ishlar yuzasidan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda

Xususan, “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan kimyo sanoatining investitsion jozibadorligini yangi darajaga olib chiqish maqsadida Fitch Ratings va Moody’s kabi nufuzli xalqaro reyting agentliklari bilan xalqaro kredit reytingini qoʻlga kiritish boʻyicha shartnomalar imzolangan.

Joriy yilning 24-oktabr kuni London shahrida Fitch Ratings agentligi va “Oʻzkimyosanoat” AJ vakillari oʻrtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Natijada Fitch Ratings reyting qoʻmitasi “Oʻzkimyosanoat” AJga xalqaro kredit reytingini berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. “Oʻzkimyosanoat AJ” yurtimiz kimyo sanoati tarixida ilk bor BB- “Barqaror” xalqaro kredit reytingini qoʻlga kiritdi (https://www.fitchratings.com/entity/jsc-uzkimyosanoat-97471773#ratings)

Qolaversa, Jamiyat va xalqaro agentlik oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlik boʻyicha kelishuvlar imzolandi.

Xalqaro kredit reytingi birinchi marotaba qoʻlga kiritilgan davrda uni tasdiqlash uchun 2-nufuzli reyting agentligi bilan ishlar olib borish shartligi belgilangan. Shu munosabat bilan, bir vaqtda Moodyʻs xalqaro reyting agentligi bilan ham ishlar olib borilib, hozirda ushbu agentlikning ham xalqaro reytingni tasdiqlashi kutilmoqda.

Agentliklar tomonidan kredit reyting berilishi “Oʻzkimyosanoat” AJ uchun bir qator afzalliklarni yaratadi:

  1. Potensial investorlarda korxonalarimizning moliyaviy koʻrsatkichlariga ijobiy munosabat va ishonch hosil qilib, xalqaro moliyaviy instrumentlardan samarali foydalangan holda tashqi va ichki moliya bozorlaridan resurslarni jalb qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bunda toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari, xalqaro moliyaviy institutlardan qoʻshimcha taʼminotlarsiz (davlat, bank va xorijiy hamkorlar kafolati), arzon kredit resurslarini jalb qilish mexanizmi yengillashadi;
  2. Jamiyat hamda tarmoq korxonalarining qimmatli qogʻozlarini (aksiya, yevrobond, depozitar qimmatli qogʻozlar, obligatsiyalar) xalqaro birjalarda joylashtirish hamda sotish imkoniyati yaratiladi;
  3. Qarorlarda belgilangan investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilishda talab etiladigan qoʻshimcha xarajatlar iqtisod qilinadi.

Maʼlumot oʻrnida: Fitch Ratings Inc. - dunyodagi eng yirik xalqaro reyting agentliklaridan biri. Jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit baholashlari, tadqiqotlari va maʼlumotlari bilan taʼminlashga ixtisoslashgan. 

 

 

 

 


So'nggi yangilash sanasi: 27.12.2023