“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Sunʼiy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti oʻrtasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etishga qaratilgan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur hamkorlik raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyotning real sektoriga keng tatbiq etish hamda davlat, biznes, ilmiy-taʼlim muassasalari va ekspertlar hamjamiyati oʻrtasida samarali hamkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ va “Sunʼiy intellekt alyansi” sunʼiy intellekt sohasida inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratgan holda, turli taʼlim dasturlari, amaliy treninglar va master-klasslarni tashkil etish va ularda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu esa soha mutaxassislarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, zamonaviy raqamli yechimlar bilan ishlash salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga joriy etish boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etish, innovatsion loyihalarni ishlab chiqish, ilgari surish va qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Ushbu loyihalarni iqtisodiyotning real sektoriga tatbiq etish boʻyicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish ham hamkorlikning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Tomonlar ushbu hamkorlik sunʼiy intellekt sohasida ilgʻor tajribalarni joriy etish, raqobatbardosh innovatsion yechimlarni shakllantirish hamda sanoat tarmoqlarining samaradorligini oshirishda muhim qadam boʻlishiga ishonch bildirdilar.