“Oʻzkimyosanoat” AJ va “Sinoma Energy Conservation” oʻrtasidagi hamkorlik amaliy loyihalar bilan mustahkamlanadi

// 05.12.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (47.84 MB)

Bugun “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov va “Sinoma Energy Conservation” – Xitoy Xalq Respublikasining yirik sanoat-injiniring kompaniyasi boshqaruvi raisi Men Sinlin oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida tomonlar hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qildilar.

Taʼkidlash joiz, “Sinoma Energy Conservation” kompaniyasi dunyodagi yirik qayta tiklanuvchi energiya hamda atrof - muhitni muhofaza qilish kompaniyalaridan biri boʻlib, Oʻzbekistonda ham qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 

Ayni paytda mazkur kompaniya bilan hamkorlikda Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan 300 MVt quvvatli quyosh stansiyasi oʻz faoliyatini boshladi.

Shuningdek, kimyo sanoati korxonalarida eski nasos stansiyalarini zamonaviy, yuqori energiya samaradorligiga ega yangi nasos agregatlari bilan bosqichma-bosqich almashtirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda “Navoiyazot” AJda nasos agregatlarini oʻrnatishni birinchi bosqich loyihasi doirasida joriy yil oxiriga qadar 6 ta nasosni toʻliq almashtirish va natijada 11 mln. kVt elektr energiya tejash rejalashtirilgan. 

Muloqot chogʻida “Maxam-Chirchiq” AJda energiyatejamkor yangi texnologiyalarni joriy etish hamda “Navoiyazot” AJda ammiakli selitra ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va yangi ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. 

Uchrashuv yakunida hamkorlikni amaliy jihatdan mustahkamlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ va “Sinoma Energy Conservation” oʻrtasida energiya samradorlikni taʼminlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, kimyo sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan 4 ta kelishuv imzolandi. 


 


So'nggi yangilash sanasi: 05.12.2025