Joriy yilning 17-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish va importni maqbullashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, “Oʻzavtosanoat” AJ qoshidagi “Cooperation Lab” — tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markazida uchrashuv oʻtkazildi.
Unda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov, “Oʻzavtosanoat” AJ raisi oʻrinbosari Bahodirjon Rahmonov, shuningdek, har ikki tarmoqqa mansub korxonalarning tegishli rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi. Muloqot davomida import kimyoviy mahsulotlarni tahlil qilish va mahalliylashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida “Oʻzavtosanoat” AJ qoshidagi “Cooperation Lab”da avtomobil sanoatida ishlatiladigan asosiy import kimyoviy mahsulotlar haqida taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotda ushbu mahsulotlarning yillik import hajmi, qaysi avtomobilsozlik korxonalarida, qanday texnologik maqsadlar uchun ishlatilishi kabi masalalar yuzasidan aniq maʼlumotlar berildi.
Muzokara davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan ushbu mahsulotlar tarkibi va ularni ishlab chiqarish imkoniyatlari chuqur tahlil qilindi hamda 2025–2027-yillar uchun innovatsiya, diversifikatsiya va 2026–2030-yillar uchun investitsiya loyihalari asosida mahalliylashtirish imkoniyatlari shakllantirildi. Ilk tahlillar natijasida qator yoʻnalishlar boʻyicha loyiha takliflari ishlab chiqildi.
Umumiy qiymati 234,4 ming dollarlik 2 ta innovatsion loyiha, umumiy qiymati 5,6 mln dollarlik 5 ta investitsion loyiha hamda umumiy qiymati 10,75 mln dollarlik 7 ta diversifikatsiya loyihasi shular jumlasidandir. Uchrashuv davomida dastlabki maʼlumotlar va hisob-kitoblarga asosan, 2030-yilgacha 14 ta loyiha orqali avtomobil sanoatidagi import hajmini 69 mln dollargacha qisqartirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlab oʻtildi.
Uchrashuv yakunida har ikki tarmoq vakillari kimyoviy mahsulotlarni mahalliylashtirish sohasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib oldilar.
Shu bilan birga, belgilangan yoʻnalishlarda ilmiy-texnikaviy hamkorlik, tarmoqlararo kooperatsiyani mustahkamlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish boʻyicha bir qator taklif va tashabbuslar bildirildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati