“Oʻzkimyosanoat” AJ va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamkorligi kengaytirilmoqda

// 29.09.2026 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (207.89 KB)



“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish va ilm-fan yutuqlarini sanoat tarmogʻiga keng joriy etish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Mazkur reja doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti hamda Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Xususan, tarmoqda qabul qilingan dastur va strategiyalar, istiqbolli investitsiya loyihalari, mahsulotlarning qoʻshilgan qiymatini oshirish, global bozordagi tendensiyalarni oʻrganish, energiya samaradorligini taʼminlash, shuningdek, qoʻshni va istiqbolli bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, yangi bozorlarga kirish talablari va mavjud savdo toʻsiqlarini oʻrganish, ularni bartaraf etish boʻyicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqish ham hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda “Oʻzkimyosanoat” AJ Innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish boʻlimi vakillari Toshkent kimyo-texnologiya institutida boʻlib, chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish hamda qoʻshma loyihalarni shakllantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda sanoat korxonalarining amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻnaltirish, innovatsion ishlanmalarni  ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.


So'nggi yangilash sanasi: 29.09.2026