Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida, Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasida joylashgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻz faoliyatini boshladi. Tadbirning asosiy maqsadi — zamonaviy, raqobatbardosh, eksportbop hamda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlarini kengaytirish va sanoat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Yarmarkada “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar faol ishtirok etmoqda. Tashkilot stendlarida kimyo sanoatida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy mahsulotlar, innovatsion ishlanmalar va istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etilmoqda. Shu bilan birga, jamiyat hududiy tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Ikki kun davom etadigan ushbu yarmarkada mamlakatimizdagi salohiyatli sanoat korxonalari va mahalliy tadbirkorlar qishloq xoʻjaligi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo sanoati, charm-poyabzal va toʻqimachilik, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat sanoati yoʻnalishlarida ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Umuman olganda, hududlararo sanoat yarmarkasi doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlik bitimlari va shartnomalar imzolanishi, shuningdek, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati