“O’zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida elektr energiyasi tejamkorligini ta’minlash maqsadida olib borilgan ishlar

// 24.10.2024 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (227.81 KB)

Bugun iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish har qachongidan ham muhim. Bu borada “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonlarida ham amaliy harakatlar olib borilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 14-iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Prezidentimiz raisligida joriy yil 27-avgust kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida energiya tejamkorligini taʼminlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan.

Unga koʻra “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari tomonidan qoʻshimcha energiya tejamkorlik tadbirlari orqali joriy yil sentyabr–dekabr oylarida 171,9 mln m3 tabiiy gaz va 175,1 mln kVt.s elektr energiyasini iqtisod qilish rejalashtirilgan.

Joriy yilning sentyabr oyidan shu kunga qadar “Oʻzkimyosanoat” AJ boʻyicha 78 980,52 ming m3 tabiiy gaz  va 103 403,70 ming kVt.s  elektr energiyasini iqtisod qilishga erishildi.

Jumladan, “Navoiyazot” AJda ayni paytga qadar 2 260 kVt quyosh panellari oʻrnatildi. Oktyabr oyi yakuniga qadar 740 kVt quvvatli quyosh panellari ishga tushiriladi. Shuningdek, gaz isteʼmolini tejash maqsadida 3 ta uskuna ham oʻrnatildi.

“Ammofos-Maxam” AJda esa 19 dona reaktiv quvvatni kompensatsiyalash qurilmalari oʻrnatildi.

Shu bilan birga “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJda harakat datchiklarining oʻrnatilishi evaziga elektr energiyasini tejash imkoni yaratildi.

Bu kabi saʼy-harakatlar “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalarda doimiy tarzda davom ettiriladi.

"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati

 


So'nggi yangilash sanasi: 24.10.2024