“Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalarida xarid tizimi ochiqlik sari

// 18.12.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (954.78 KB)

Bugun mamlakatimizda davlat ishtirokidagi yirik korxonalar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu jihatdan, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonalarida xarid tizimini takomillashtirish, uni ochiq va adolatli asosda tashkil etish muhim vazifalardan biriga aylangan.

Xarid jarayonlari kimyo sanoati korxonalari faoliyatida katta oʻrin tutadi. Ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo, asbob-uskuna va xizmatlar oʻz vaqtida sifatli xarid qilinishi korxonalarning barqaror ishlashiga bevosita taʼsir qiladi. Shu bois, xarid tizimida shaffoflikni taʼminlash nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki jamoatchilik ishonchini mustahkamlash uchun ham xizmat qiladi.

Davlat xaridlari jarayonini yanada soddalashtirish va ularni toʻliq raqamlashtirish, ushbu sohada jamoatchilik nazorati hamda raqobat muhitini yanada kuchaytirish orqali tadbirkorlik subyektlarining ishtirokini kengaytirish bugunning talabi. Shu maʼnoda  “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida xaridlar elektron platformalar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa tender va tanlov jarayonlarida inson omilini kamaytirish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish imkonini berayapti. Xarid rejalari, tanlov shartlari va gʻoliblar haqidagi maʼlumotlarning ochiq eʼlon qilinishi ochiqlikni taʼminlashda muhim qadam hisoblanadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan 2025-yilning 9 oyi davomida davlat xaridlari yoʻnalishida jami 3 872 ta shartnoma tuzilgan boʻlib, ularning barchasi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirildi. Bu esa oʻz navbatida qonuniylik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash, narx-navo manipulyatsiyasi va boshqa suisteʼmolchiliklarga yoʻl qoʻymaslik imkonini berdi.  

Ochiq va raqobatli xaridlar natijasida korxonalar sifatli mahsulotlarni maqbul narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu esa oʻz navbatida, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga va mahsulot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun ham xarid jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.

Davlat xaridlari tizimi jamiyat va iqtisodiyot uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlib, uning shaffofligi davlat mablagʻlarining samarali sarflanishini taʼminlaydi. Xalqaro tajribaga koʻra, davlat xaridlarining samarali boshqarilishi korrupsiyaning oldini olishda va byudjet mablagʻlarini oqilona taqsimlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Albatta, har qanday tizimda xarid jarayonlarida ayrim kamchiliklar uchrab turishi mumkin. Ammo bu borada ichki nazorat va audit mexanizmlarini kuchaytirish, sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning malakasini oshirish orqali muammolarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida xarid tizimini ochiq va shaffof asosda tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar iqtisodiy samaradorlikni oshirish, korrupsiyaga qarshi kurash va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa albatta, kimyo sanoati tarmogʻining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor boʻladi.

Olim Rasulov

Gʻaznachilik operatsiyalari va xaridlar boʻlimi boshligʻi

 


So'nggi yangilash sanasi: 18.12.2025