Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yangi bosqichga kirdi. Davlat siyosatida shaffoflik, xolislik va masʼuliyatli boshqaruvni taʼminlash maqsadida iqtisodiyotning barcha sohalarida xalqaro standartlarga muvofiq tizimlar joriy etilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida ham korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv tizimi shakllantirildi.
Jamiyat “CERT International” xalqaro akademiyasi tomonidan muvaffaqiyatli auditdan oʻtib, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi eng nufuzli xalqaro standart — ISO 37001:2016 sertifikatiga ega boʻldi.
Joriy yilning 12-iyun kuni “Oʻzkimyosanoat” AJda mazkur sertifikatni topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda “CERT International” xalqaro akademiyasi rahbari Riad Ibragimov, “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi.
Sertifikatni qoʻlga kiritish nafaqat tashkilotda shaffof boshqaruvni yoʻlga qoʻyish, balki uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro hamkorlar ishonchini mustahkamlash va global bozorda raqobatbardoshligini taʼminlashga xizmat qiladi. ISO 37001:2016 standarti xalqaro biznesda ishtirok etayotgan kompaniyalar uchun muhim shartlardan biriga aylangan.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati