“Oʻzkimyosanoat” AJ da “Ochiq eshiklar kuni”

// 05.12.2023 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1 MB)

Bugun “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri boʻlib oʻtdi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan tadbirda Jamiyat boshqaruv xodimlari, Agentlik masʼul xodimi va OAV vakillari ishtirok etishdi. 

Tadbirni “Oʻzkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisining oʻrinbosari Akobir Toʻxtayev kirish soʻzi bilan ochib, oʻtgan davr mobaynida tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qilingan ishlar, preventiv choralarni qoʻllash va xodimlarlarning sohadagi bilim va koʻnikmalarini oshirish yuzasidan erishilgan ijobiy natijalar, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini samaradorligini reyting baholash tizimida “Oʻzkimyosanoat” AJ 89 ball bilan “yaxshi” deya eʻtirof etilgani haqida alohida toʻxtaldi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi Oybek Abdugʻaniyev soʻzga chiqib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yoʻnalishlari, Agentlik bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijalari hamda tashkilotda korrupsiyaning oldini olish va ochiqligini taʼminlash borasidagi olib borilayotgan ijobiy ishlarni eʼtirof etdi.

Shuningdek, tadbir davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi tomonidan komplayens nazorat faoliyatining erishilgan ijobiy natijalari hamda Matbuot xizmati tomonidan tashkilot faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qilingan taqdimotlar orqali ishtirokchilarga atroflicha maʼlumotlar berildi.

Tadbir soʻnggida mehmonlarga “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida suratga olingan “Mening qahramonim” nomli qisqa metrajli film namoyish etildi. 


So'nggi yangilash sanasi: 26.12.2023